Shu munosabat bilan bugun “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasining “Central Asia University” biznes maktabida jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surishda ko‘p tomonlama munozara maydonini shakllantirish uchun tashkil etilayotgani ta’kidlandi. Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlash, hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliya tuzilmalarining rolini kengaytirish, ekspertlar muloqoti salohiyatini ishga solish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazilayotgan forum jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Muloqot Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga yaqin siyosiy-iqtisodiy va biznes doiralar vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar a’zolari, shuningdek, dunyoning turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlarini yagona maqsad yo‘lida Termizga chorladi. Ular Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning joriy holati hamda istiqbollarini muhokama etadi. Bunda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalarning rolini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashadi.
O‘zbekiston o‘z tashqi siyosiy strategiyasida Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni chuqurlashtirish orqali Yevroosiyoning ulkan mintaqasini “barqarorlik va izchil taraqqiyot hududi”ga aylantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yil iyul oyida o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuidagi yuqori darajali xalqaro konferensiya bu yo‘nalishda muhim bosqich bo‘ldi. 2022 yil esa davlatimiz rahbari tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu hujjat ikki mintaqaning yanada yaqin hamkorligi uchun konseptual asoslarni yaratdi. Shunga muvofiq tashkil etilayotgan Termiz muloqoti ushbu rezolyutsiyaning amaliy ifodasi bo‘lmoqda. Forum umumiy muammolarni birgalikda hal etish, o‘zaro kelishilgan manfaatlarni ilgari surish, mintaqalararo kun tartibini aniq takliflar bilan amaliy jihatdan boyitish uchun katta imkoniyat yaratishi kutilmoqda. O‘zaro bog‘liqlikning chuqurlashuvi mojarolar va geosiyosiy qarama-qarshiliklardan xoli umumiy hamkorlik makonini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltiradi. Bu tashabbus va g‘oyalar O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarini rivojlantirishda yetakchiga davlatga aylanayotganini namoyon etadi. Tadbir dasturida siyosiy, iqtisodiy va ekspertlar darajasidagi muloqotlarni o‘tkazish nazarda tutilgani bunga yaqqol misoldir. Shu jihatdan Termiz muloqoti mintaqalararo bog‘liqlikni yanada rivojlantirish, keng Yevroosiyo qit’asida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash istiqbollarini belgilash uchun doimiy platforma vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan.
Forum yakunlari bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiruvchi Kommyunike qabul qilinishi kutilmoqda.
Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
Jonibek Qo‘zimurodov (surat),
O‘zA muxbirlari