Afgʻoniston boʻyicha konferensiya

Joriy yilning 26-avgust kuni “Afgʻonistonda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari imkoniyatlari” mavzuida onlayn-konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va “Valday” Xalqaro diskussiya klubi tomonidan tashkil etildi. Unda Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlari ishtirok etdi.

Rossiya tomonidan – diplomatlar, “Valday” Xalqaro diskussiya klubi, Sharqiy Osiyo va SHHT tadqiqotlari markazi, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva Xalqaro munosabatlar davlat instituti, Xalqaro tadqiqotlar instituti, Rossiyaning xalqaro ishlar boʻyicha kengashi tadqiqotchilari va olimlari ishtirok etdi. Qozogʻiston xalqaro munosabatlar kengashi, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti, Qirgʻiziston Respublikasi Strategik tadqiqotlar milliy instituti, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi vakillari Markaziy Osiyo ekspertlar hamjamiyati sifatida ishtirok etdi.

Tadbir davomida Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanish istiqbollari, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalari boʻyicha fikr almashildi, Afgʻonistonda tinchlik jarayonlari va mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga integratsiyalash masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatov tadbirda soʻzga chiqib, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish, uni iqtisodiy jihatdan tiklash keng Yevroosiyo makonida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Ekspert Afgʻonistondagi vaziyatni siyosiy muloqot hamda afgʻonlarning oʻzi va afgʻonlararo rahbarligi ostida inklyuziv tinch jarayonni amalga oshirish orqali tartibga solish mumkinligini qayd etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani tashabbusi bilan 2018-yil mart oyida Toshkentda Afgʻoniston boʻyicha tashkil etilgan xalqaro konferensiya bu borada siyosiy asos boʻldi. Anjuman yakunida qabul qilingan Toshkent Deklaratsiyasi Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash boʻyicha oʻziga xos strategiya boʻldi.

A.Neʼmatov Afgʻonistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlikka erishishda xalqaro hamjamiyat tomonidan Afgʻoniston ichidagi tinch muzokaralarni uzluksiz qoʻllab-quvvatlashning muhim ekanini qayd etdi.

Joriy yilning fevral oyida Doha shahrida AQSH va “Tolibonlar” harakati oʻrtasida Tinchlik shartnomasining tuzilishi tinch inklyuziv muzokaralar jarayonining boshlanishida muhim qadamlardan biri boʻldi. U Afgʻonistonda yuz bergan 40 yillik urushni yakunlash boʻyicha tarixiy imkoniyatni berdi va afgʻon muammosini harbiy yoʻl bilan hal etish imkonsizligini yana bir bor tasdiqladi.

Oʻz navbatida, “Valday” Xalqaro diskussiya klubini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashi raisi Andrey Bistriskiy Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlaridan kelib chiqqan holda Afgʻonistondagi jarayonlarga nisbatan oʻz qarashlarini bildirdi.

Andrey Bistriskiy Afgʻonistonni tartibga solishda Oʻzbekistonning roli haqida gapirganda, uni Afgʻoniston xalqi bilan madaniy-tarixiy aloqalar, geografik joylashuvi nuqtayi nazaridan qarab, muhim deb baholadi.

U Oʻzbekiston Afgʻonistonni tartibga solish yoʻlida juda koʻp ishlarni amalga oshirganini qayd etdi.

Tadbir ishtirokchilari mamlakatda vakuum yaralishiga yoʻl qoʻymaslik, Afgʻoniston hukumatining aholi oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini bajarishi, fuqarolarning barqarorlik va xavfsizlik boʻyicha eng muhim ehtiyojlarini qondirishdagi salohiyatini saqlab qolish maqsadida xalqaro koalitsiyalar, AQSH va NATO harbiy kuchlarining olib chiqib ketilishining muhim ekanini qayd etishdi.

Mamlakat nizolardan keyingi davrda ham tinch taraqqiyotga erishishi uchun birlashgan xalqaro va mintaqaviy koʻmakni rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Ekspertlar iqtisodiyotni rivojlantirishni Afgʻonistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlikni taʼminlashning zarur sharti deb qarab, Afgʻonistonni urushdan keyingi tiklash boʻyicha xalqaro dastur ishlab chiqishning muhim ekanini qayd etishdi.

Shu bois, onlayn-uchrashuv ishtirokchilari mintaqa mamlakatlarining infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, chegara oldi savdosi, avia, avtomobil va temiryoʻl yuk tashuvlarini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish orqali Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab quvvatladi.

Tadbirda qayd etilganidek, Afgʻoniston bilan transport-kommunikatsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlik qilish transmintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, ushbu mamlakatda energetika, savdo, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, madaniyat sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish uchun imkoniyatlarni ancha oshirishi mumkin.

Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan Afgʻonistonni iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturlar oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, Yevroosiyoda barqaror taraqqiyot va farovonlikni kuchaytirish va Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlikka erishish borasidagi manfaatdor tomonlar oʻrtasida konsensusni yaratishda muhim omil boʻlib xizmat qilishi mumkin degan yakdil fikrni bildirdi.

Umuman olganda, virtual uchrashuv doʻstona va konstruktiv ruhda boʻlib oʻtdi va tadbir ishtirokchilariga Afgʻonistonda uzoq kutilgan tinchlikni oʻrnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash masalalari boʻyicha fikr almashish hamda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va “Valday” Xalqaro diskussiya klubi “Hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv” doirasida hamkorlik qiladi, xususan ekspertlar almashinuvlari tashkil etiladi, tomonlarning tadbirlarida ishtirok etadi.

2019-yilda Samarqandda “Valday” Xalqaro diskussiya klubi tomonidan “Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizlik tahdidlari oldida koʻp tomonlama hamkorlik” mavzuida X Osiyo konferensiya oʻtkazilgan edi. Unda dunyoning 11 mamlakati, jumladan Oʻzbekiston, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Shvetsiya, Hindiston, Filippin, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan 80 nafardan ziyod nufuzli ekspertlar ishtirok etgan edi.

Manba