“Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishda Oʻzbekiston va Pokiston saʼy-harakatlari: oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari” mavzusida xalqaro onlayn-konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Pokiston global va strategik tadqiqotlar markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda har ikki mamlakatning tahliliy va tadqiqot markazlari ekspertlari, Pokistonlik diplomatlar, xavfsizlik va tashqi siyosat sohasidagi olimlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda Afgʻoniston inqirozini hal etishda Oʻzbkiston va Pokistonning roli bosh mavzu boʻldi. Muloqot ishtirokchilari Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi transmilliy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshadigan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqboli masalalarini muhokama qilishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti drektorining birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatov soʻzga chiqib, xalqaro hamjamiyat, jumladan mintaqaviy mamlakatlarning saʼy-harakatlari natijasida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish masalasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, tez kunlarda Doxa shahrida Afgʻoniston hukumati va Tolibonlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilayotganini qayd etdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani tashabbusi bilan 2018-yil mart oyida Toshkentda Afgʻoniston boʻyicha tashkil etilgan xalqaro konferensiya yakunida qabul qilingan Toshkent Deklaratsiyasi Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash boʻyicha oʻziga xos strategiyaga asos sifatida xizmat qildi.
Joriy yil fevral oyida Doxa shahrida AQSH va “Tolibonlar” harakati oʻrtasida Tinchlik shartnomasi tuzilishi tinch inklyuziv muzokaralar jarayoni boshlanishida muhim qadam boʻldi. U Afgʻonistonda yuz bergan 40 yillik urushni yakunlash boʻyicha tarixiy imkoniyat chratdi va afgʻon muammosini harbiy yoʻl bilan hal etish imkonsizligini yana bir bor tasdiqladi.
A.Neʼmatov Afgʻonistonni ijtimoiy-siyosiy tiklashda jahondagi yirik mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar mamlakatni siyosiy jihatdan qatʼiy qoʻllab-quvvatlashi va moliyaviy koʻmak berishi muhimligini taʼkidladi. Bu mamlakat barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishishining zarur shartidir.
Oʻzbekistonning afgʻon muammosini hal qilishdagi ishtiroki diplomatik saʼy-harakatlar bilan cheklanib qolmasligi qayd etildi. Bugungi kunda Oʻzbekiston transport, iqtisodiyot, enegretika va taʼlim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish orqali Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga salmoqli hissa qoʻshmoqda, pandemiya tufayli yuzaga kelgan gumanitar inqirozni yengishda qoʻshni mamlakatga salmoqli yordam bermoqda.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarining uzluksiz tranzitini taʼminlash maqsadida mamlakatimiz Oʻzbekiston - Afgʻoniston chegarasidagi nazorat-oʻtkazish punktlari ishini shtat rejimida taʼminladi va Oʻzbekistondan Afgʻonistonga va Afgʻonistondan yurtimizga yuk tashishda 50 foizgacha chegirma berish muddatini 2020-yilgacha uzaytirdi.
Ushbu chora-tadbirlar oʻzaro savdo koʻlami oshishiga, shuningdek, dunyoning barcha mamlakatlari uchun bunday ogʻir vaziyatda Afgʻonistonga yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirishga muhim hissa qoʻshdi.
Masalan, 2020-yilning birinchi yarmida oʻzaro savdo 24 foizga oʻsgan va 332,9 million dollarni tashkil etgan. Temir yoʻlda yuk tashish hajmi 50,7 foiz oʻsgan va 2,20 million tonnani tashkil etgan. Bu gumanitar inqiroz sharoitida Afgʻonistonda barqarorlikni taʼminlashda muhim omil hisoblanadi.
Pokiston Global va strategik tadqiqotlar markazi bosh direktori, general-mayor Holid Amir Jaffriy Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishda Oʻzbekiston tomonidan qabul qilinayotgan saʼy-harakatlarga eʼtibor qaratarkan, Afgʻonistondagi muzokaralarni oʻtkazish boʻyicha hozirgi amaliy natijalarga erishishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Toshkent konferensiyasi muhim rol oʻynaganini qayd etdi.
Uning soʻzlariga koʻra, konferensiya yakunida imzolangan Toshkent Deklaratsiyasi Afgʻonistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlikka erishish, Afgʻonistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy birligini hurmat qilish, barcha afgʻonlarning teng huquqlarini taʼminlash, zoʻravonlikka barham berish singari muhim jihatlarni qamrab olgan strategik hujjat hisoblanadi.
General-mayor Jaffriy Afgʻonistonga qoʻshni Oʻzbekiston va Pokiston mamlakatda tinchlik jarayonini oʻrnatish va Afgʻonistonni tiklashda muhim rol oʻynashi mumkin va lozimligini qayd etdi.
Ayni damda u Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻonistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etish boʻyicha tashabbuslarini ham alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Markaz rahbari Baxtiyor Mustafoyevning qayd etishicha, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida transmilliy hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
“Mozori-Sharif – Qobul - Peshavor” temir yoʻl yoʻlagi qurilishiga oid loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlariga Gvadar va Karachi dengiz portlariga chiqish va shu orqali oʻz eksport salohiyatini toʻla hajmda namoyon etish imkonini beradi. Ayni damda bu Markaziy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlariga turli mahsulotlarni yetkazib berishda Pokistonni mintaqa mamlakatlari uchun muhim xabga aylantiradi.
Baxtiyor Mustafoyevning soʻzlariga koʻra, Afgʻonistonda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda mamlakat iqtisodiyotini tiklash uchun milliy kadrlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega. Ana shu maqsadda 2018-yilning yanvar oyida hamda joriy yil Termiz shahrida Prezidentimiz tashabbusi bilan Taʼlim markazi ochildi. Bu yerda hozirgi kunda 172 nafar talaba “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Akusherlik va hamshiralik ishi”, “Yer usti transport tizimi va ularning ekspluatatsiyasi” yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olishmoqda. Talabalarning 46 nafari qizlar.
Panjob universiteti professori Niaz Ahmad Axtarning soʻzlariga koʻra, siyosat, iqtisodiyot va madaniyat sohalaridagi afgʻon inqirozini hal etishda Oʻzbekiston tomonidan qabul qilinayotgan amaliy chora-tadbirlar Pokiston manfaatlariga toʻla javob beradi.
Oʻzbekistonning Afgʻonistonda amalga oshirayotgan infratuzilma va iqtisodiy loyihalari Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi transmilliy hamkorlikning ulkan salohiyatidan foydalanish imkonini beradi.
Bu borada pokistonlik olim Oʻzbekistonning yangi mintaqaviy siyosati Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yana-da faollashtirishga turtki beradi.
Oʻz navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Pokiston oʻrtasidagi salohiyat va hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini tadqiq etish maqsadida joriy yil iyun oyida Panjob universitetida Mintaqaviy integratsiya markazi ochildi.
Pokistonning Afgʻonistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Zohid Nasrullo Xon Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi va Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishdagi muhim rolini qayd etgan holda, Islomobodning Oʻzbekiston bilan qator masalalar boʻyicha hamkorligini faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. U Oʻzbekiston afgʻon yoʻnalishida pragmatik va izchil siyosat yuritayotganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Zohid Nasrullo Xon tez orada afgʻonlararo muzokaralarni tashkillashtirish imkoniyati xususida fikr bildirganda, Afgʻoniston oʻz taraqqiyotining muhim bosqichiga koʻtarilayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning ishonchli sherik sifatidagi xalqaro imijini hisobga olganda, Toshkent va Islomobodning afgʻon yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish rasmiy Qobul rahbarligida siyosiy jarayonni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro hamjamiyatni birlashtirish hamda Afgʻonistonga mojarolardan keyingi davrda iqtisodiy koʻmak berishga xizmat qiladi.
Pokiston Global va strategik tadqiqotlar markazi maslahatchilari Kengashi aʼzosi Said Nazir Muhmand Afgʻonistondagi tinchlik va barqarorlik Pokiston va Oʻzbekistonning umumiy manfaatlariga javob berishini qayd etdi.
Bundan tashqari, pokistonlik ekkspertning soʻzlariga koʻra, Toshkent va Islomobod SHHT va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti orqali Afgʻonistonda barqarorlikni taʼminlashda muhim rol oʻynashi mumkin. Oʻzbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotidagi ishtirokini faollashtirish va uning oʻzaro manfaatli va muntazam muloqotini yoʻlga qoʻyishga tayyorligi koʻp tomonlama loyihalarni amalga oshirishga keng imkoniyat yaratadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi Rustam Xurramovning fikricha, iqtisodiy va infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi Afgʻoniston Islom Respublikasidagi vaziyatni barqarorlashtiribgina qolmay, Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi transmintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga ham kuchli turtki beradi.
Bu mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy-iqtisodiy hamkorlikning hali roʻyobga chiqmagan salohiyatini toʻla amalga oshirish imkonini beradi. Masalan, Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi tovar aylanma hajmi 2019-yil yakunlariga koʻra, 5 baravar oʻsdi va 123 million dollarni tashkil etdi. Ayni paytda 2016-yildan 2019-yilgacha Pokistondan Oʻzbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 400 nafardan 4 ming nafarga yaʼni, 10 baravar oshdi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar Afgʻonistondagi tinchlik va barqarorlik Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasini barqaror rivojlantirishda istiqbolli “drayver”sifatida ulkan transmilliy loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratadi, degan fikrni bildirishdi.
Konferensiya Pokiston OAVda keng yoritildi va ijobiy baholandi.
Pokistonning “IslamabadPost”, “National Herald Tribune”, “The News” nashrlari Afgʻoniston masalasi boʻyicha navbatdagi Oʻzbekiston - Pokiston konferensiyasi haqida fikr bildirar ekan, Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishda Oʻzbekiston tomonidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlar keng qamrovli ekaniga eʼtibor qaratdi.
Xususan, “The News” nashri “Afgʻon urushi - tarixdagi eng uzoq davom etgan mojarolardan biri” sarlavhali maqolani chop etdi. Unda gazeta sharhlovchilari Oʻzbekistonning Afgʻoniston mustahkam tinchlikka erishishida qoʻshma saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligi toʻgʻrisidagi taklifini yuqori baholadi.
Mualliflar fikricha, Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonda amalga oshirilayotgan transport-infratuzilma loyihalari afgʻon zaminini Janubiy Osiyoni Yevroosiyo mintaqasi bilan bogʻlaydigan quruqlikdagi koʻprikka aylantiradi, ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi geografik toʻsiqlarni yengish imkonini beradi.
“Islamabad Post” gazetasi kuzatuvchilari ushbu faktni tasdiqlagan holda, “Oʻzbekiston – Pokiston - Afgʻoniston: tinchlik uchburchagi” sarlavhali maqolani chop etdi. Unda Shavkat Mirziyoyev hukumat boshqaruviga kelishi bilan “Oʻzbekistonning Afgʻonistonga oid siyosati mamlakat tashqi siyosiy strategiyasi kun tartibiga chiqqani” aytiladi. Oʻsha paytdan buyon Oʻzbekiston afgʻon muammosiga nisbatan chuqur va oqilona oʻylangan siyosatni yuritmoqda.
Bu borada “National Herald Tribune” gazetasi Oʻzbekistonni afgʻon maydonidagi masʼul ishtirokchi, deb atab, Oʻzbekiston va Pokiston hukumati Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini mamlakatdagi koʻp yillik inqirozni barqarorlashtiradigan yagona usul sifatida baholamoqda.