Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarini mojaroli hududlardan qaytarish tajribasi BMTning Venadagi shtab-kvartirasida taqdim etildi

2025-yil 21-may kuni BMTning Venadagi (Avstriya) bosh qarorgohida BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasining 34-sessiyasi doirasida "Suriya va Iroqdagi jangovar harakatlar hududlaridan qaytgan shaxslarni samarali reabilitatsiya va reintegratsiya qilish: Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi" mavzusida qo‘shma tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Komissiya BMTning jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov sohasidagi asosiy direktiv organi hisoblanadi. U tegishli masalalar bo‘yicha rezolyutsiyalar va qarorlar qabul qiladi, shuningdek, ushbu sohada milliy va xalqaro strategiyalarni ishlab chiqish va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash maqsadida davlatlar o‘rtasida bilim, tajriba va ma’lumot almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokistondagi mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbir BMTga a’zo davlatlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbirda Osiyo, Afrika, Yevropa, Shimoliy va Lotin Amerikasi mamlakatlaridan 50 dan ortiq vakillar ishtirok etishdi.

Barcha nutqlarning asosiy g‘oyasi Markaziy Osiyo davlatlari BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning chaqirig‘iga munosib javob berganini, BMT Xavfsizlik Kengashining o‘z fuqarolarini jang maydonlaridan qaytarish to‘g‘risidagi qarorlarini bajarish majburiyatini o‘z zimmalariga olganlarini va allaqachon 2100 dan ortiq kishini o’z yurtlariga qaytarganliklarini tasdiqlashdan iborat bo‘ldi.

 Xususan, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining ((BMT NJQKB)) Yevropa, G‘arbiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturlarini muvofiqlashtiruvchisi Jeremi Milsom ushbu tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikdagi sa’y-harakatlariga bo‘lgan qat’iy intilishini tasdiqlaydi.

BMT NJQKB vakili Keyt Fitspatrik mintaqa mamlakatlarining harakatlarini boshqa davlatlar uchun kuchli va ilhomlantiruvchi namuna deb baholadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Shafoat Nurullayeva o‘z nutqida O‘zbekiston tomonidan terrorizmga qarshi kurashda amalga oshirilayotgan asosiy chora-tadbirlarga alohida to’xtalib o’tdi.

Ekspertning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha yondashuvlar konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqilib, ijtimoiy reabilitatsiya va profilaktika kabi "yumshoq usullar"ni qo‘llashga e’tibor qaratilmoqda.

Din sohasidagi ma’rifat va ilmiy tadqiqotlarga alohida urg’u berilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro markazlar tashkil etildi.

Dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, inklyuziv diniy siyosat va radikal mafkura ta’siriga tushib qolgan shaxslar bilan ishlash ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiradi. Bunday kompleks yondashuv nafaqat radikallashuv oqibatlarini bartaraf etish, balki uning sabablarining oldini olish imkonini ham beradi.

Sh.Nurullayevaning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMT Aksilterror boshqarmasi shafeligida Vatanga qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi tashkil etilgani bu boradagi muhim qadam bo‘ldi.

Bu mintaqaviy hamkorlikni institutsionallashtirish va qo‘shma sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim omil bo‘lganligi ta’kidlandi.

"Bugungi kunda ijobiy natijalar kuzatilmoqda: mazkur masala yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda, qo‘shma tadbirlar va muhokamalar tashkil etilmoqda," deya qo‘shimcha qildi SMTI direktori o‘rinbosari.

Uning fikricha, Kengash repatriantlar bilan ishlashning professional bilim va uslublarining noyob manbaiga aylanish, shuningdek, ularni reintegratsiya va reabilitatsiya qilish sohasida samarali amaliyotlarni taklif qilish salohiyatiga ega.

Umuman olganda, ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzish tashabbusini yuqori baholadilar, uning dolzarbligi va ahamiyatini ta’kidlab o‘tdilar. 60 dan ortiq mamlakatdan o‘n minglab ayollar va bolalar hamon mojarolar hududida qolib, vatanlariga qaytishni kutayotgani ta’kidlandi. BMT vakillari boshqa davlatlarni Markaziy Osiyo mamlakatlarining tajribasidan o‘rnak olishga chaqirdi.