O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) vakillari 2025-yil 10-iyul kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyoda suv va energetika hamkorligining o‘zaro manfaatli mexanizmini muhokama qilish bo‘yicha Mintaqaviy ishchi guruhining 4-yig‘ilishida ishtirok etdilar.
Tadbir Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirlik va idoralari, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning 70 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv va energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqada izchillik va barqarorlikni ta’minlash uchun suv va energetika resurslarini boshqarish sohasida samarali yondashuvlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni tadbir davomida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi konsolidatsiya va hamkorlikning mustahkamlanishi tufayli umummintaqaviy masalalarda, jumladan, suv va energetika sohasida o‘zaro maqbul yechimlar topishga muvaffaq bo‘layotganini qayd etdi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning To‘xtag’ul suv omborini boshqarish va Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorligi, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro manfaatli shartlarda "Bahri Tojik" suv omborining yoz mavsumida ishlash rejimini birgalikda belgilash qayd etildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari ushbu sohadagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilar ekan, Afg‘onistonni muloqotga jalb etish zarurligini alohida ta’kidladi. Bu suv resurslari sohasida to‘laqonli mintaqaviy hamkorlikni ta’minlash imkonini beradi.
Shu nuqtayi nazardan, SMTI vakillari O‘zbekistonning Kobulni mintaqa davlatlari bilan o‘zaro hamkorlikka jalb qilish bo‘yicha qo‘yayotgan qadamlariga e’tibor qaratdilar.
Afg‘oniston vakillarining "Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: barqaror rivojlanish yo‘lida ishonch, muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda (10-aprel) hamda "Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishida (19-21-may) ishtirok etishi buning yaqqol dalilidir.
Bunday ekspert maydonchalari fikr almashish, Afg‘oniston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, suv, energetika xavfsizligi va iqlim barqarorligiga tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda va muvofiqlashgan holda kurashish bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Umuman olganda, Mintaqaviy ishchi guruhning 4-yig‘ilishi ishtirokchilari Markaziy Osiyoda pragmatik va o‘zaro manfaatli suv-energetika hamkorligi mintaqa barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlashning kafolati ekanligini ta’kidladilar.
Shuni hisobga olib, tomonlar suv va energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va bu borada amaliy yechimlar ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.