Sabina Maxl: Termiz muloqoti va murakkab masalalar muhokamasiga yuqori darajada qiziqish bildirilayotgani quvonarli

BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Maxl "Dunyo" AA uchun intervyusida 19-21-may kunlari Termiz shahrida bo'lib o'tgan Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishining ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Bu mening Surxondaryo viloyatiga to'rtinchi tashrifim. Mazkur muloqot Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari birlashishi va nafaqat ushbu mintaqalar, balki butun dunyo uchun dolzarb bo'lgan masalalarni muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyat, deb hisoblayman.

Muloqot o'tkazish, murakkab masalalarni muhokama qilishga bo'lgan bunday yuksak qiziqishni ko'rish quvonarlidir. Masalan, bugun viloyat bo'ylab yoshlarga e'tibor qaratish naqadar muhim ekani ta'kidlandi. Bundan tashqari, transport va iqtisodiy aloqalar, ayniqsa dengizga chiqish imkoni bo'lmagan mamlakatlar uchun juda dolzarbligi alohida qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, bunday davlatlarga xalqaro yuk tashish yo'llariga kirishda yordam berishning g'oyalari va usullarini izlash muhimdir.

O'ylaymanki, ushbu muloqot barcha ishtirokchilarga mintaqada, xususan, O'zbekistonda, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlarida bo'layotgan taraqqiyotni ko'rish uchun noyob imkoniyat yaratdi. Ushbu tadbirga ishtirok etish va turli fikrlarni eshitish men uchun sharafdir.

Bugungi sessiya tomonlar o'rtasidagi ishonchning asosiy rolini qayta-qayta ta'kidladi. O'zbek tilida o'rgangan birinchi so'zlarimdan biri "ishonch" bo'ldi. Darhaqiqat, bu mintaqa oldida turgan imkoniyatlar va muammolarni ochiq va konstruktiv muhokama qilish uchun asosiy element hisoblanadi.

Men Termiz muloqoti va boshqa shu kabi tashabbuslarning davom etishini intiqlik bilan kutaman hamda O'zbekiston ochiq fikr almashish uchun shunday mazmunli platforma yaratayotganini muhim deb bilaman.

Manba