SMTI va BMTTD hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi

Joriy yilning 30-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktori Eldor Aripov va BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida mehmon O‘zbekistonning joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi ishtirokini yuqori baholadi. Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi A.Guterrish bilan uchrashuvi samarali bo‘lgani, shuningdek, O‘zbekiston rahbari tomonidan global va mintaqaviy rivojlanish masalalari bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslarning muhimligini alohida ta’kidladi.

Joriy yil 15-16-oktyabr kunlari Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona tinchlik forumi yakunlari alohida muhokama qilindi.  “Tadbir ijtimoiy birdamlik va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan o‘ziga xos maydon bo‘ldi”, - dedi Akiko Fudzi.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, 2026-yilga mo‘ljallangan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Akiko Fujii yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratishni taklif qildi. BMTTD dasturlari doirasida Farg‘ona vodiysida 3,5 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz kasb-hunarga o‘qitilgani qayd etildi.

Yoshlar tashabbuslarini rivojlantirish maqsadida maxsus markazlar tashkil etilmoqda. Bu markazlarda yosh fuqarolar psixologik va huquqiy maslahat olishlari, chet tili kurslarida o‘qishlari hamda tadbirkorlik bo‘yicha treninglarda qatnashishlari mumkin. Bugungi kunga qadar ushbu markazlar xizmatlaridan 2 mingdan ortiq kishi foydalangan. Hozirda Farg‘ona, Andijon va Namangan shaharlarida ham yangi markazlar ochilmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili afg‘on fuqarolarining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratdi. BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida 520 nafardan ortiq afg‘onistonlik (ularning aksariyati ayollar) O‘zbekistonda axborot texnologiyalari, agrobiznes, tikuvchilik va tadbirkorlik kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda ta’lim oldilar.

2026-yilga mo‘ljallangan Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi doirasida Afg‘onistonni yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha turli loyihalarga jalb qilishning keyingi istiqbollarini muhokama qilishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, 2025-yil aprel oyida BMTTDning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda yoshlarning kiberjinoyatchilik va raqamli zo‘ravonlikka bardoshliligini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturi ishga tushirildi. Mazkur dastur yosh avlodning onlayn makondagi tahdidlarga qarshi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga, shuningdek, bu kabi muammolarga qarshi kurashish uchun milliy tashkilotlarning salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.

Uchrashuv yakunida suhbatdoshlar inson salohiyatini rivojlantirish, yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan sheriklikni bundan buyon ham mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.