SMTI vakili: "Diniy erkinlik bo‘yicha O‘zbekistonga qo‘yilayotgan ayblovlar mutlaqo asossiz"

Bugun, 30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida “Diniy erkinlikni ta’minlash – ochiq fuqarolik jamiyatining muhim asosi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirliklar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiyalar vakillari, din sohasidagi ekspertlar, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. 

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Babajanov “O‘zbekistonga nisbatan bir qator ayblovlar, xususan xorijiy diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olishda hamon muammolar borligi haqidagi tanqidlarga duch kelaman” dedi o‘z nutqida. “Biroq bu mutlaqo asossiz ayblov. O‘zbekistonda hech qanday taqiqlar yo‘q, xatto ba’zi diniy konfessiyalarni ro‘yxatga o‘tkazishda ularni o‘rganish ham kerak bo‘lmagan” dedi. 
Tadbirda O‘zbekistonda sifatli diniy ta’lim olish imkoniyati kengaygani, o‘rta, oliy diniy ma’lumot, magistratura, boshlang‘ich doktorantura va doktoranturani o‘z ichiga olgan besh bosqichli diniy ta’lim tizimi shakllantirilgani ta’kidlandi.
Qolaversa, Toshkent Islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etilgani, akademiya tarkibida diniy tashkilotlarning malaka oshirish markazi faoliyat olib borayotgani eslatib o‘tildi. 
Shuningdek, so‘nggi yillarda ushbu sohada olib borilgan islohotlar samarasi o‘laroq, talabalarni islom ta’lim muassasalariga qabul qilish kvotasi ikki baravar oshirildi, Imom Buxoriy Oliy Islom institutida maxsus sirtqi bo‘lim ochildi.
Bundan tashqari, Islom dinining madaniy va sivilizatsiya merosi va diniy-falsafiy ahamiyatini chuqur o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Uning maqsadi diniy siyosatni fundamental ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida har tomonlama e’lon qilishdir. Xususan, an’anaviy islomning gumanistik g‘oyalarini targ‘ib qilish va tarqatishda muhim qadam Islomiy sivilizatsiya markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy markazlarning tashkil etilishi bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganlaridek, dinlararo muloqotni mustahkamlashga jamoat hamjihatligini ta’minlashning muhim omili sifatida alohida e’tibor qaratilishi muhimligini qo‘shimcha qildi.
Jamiyatda ekstremistik g‘oyalarning tarqalishiga qarshi kurash, profilaktika, ma’naviy-ma’rifiy choralar foydasiga jazo choralaridan voz kechilganligini namoyish etuvchi ishlar tubdan qayta ko‘rib chiqilgan. 
Ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan 20 mingdan ortiq fuqarolar huquqni muhofaza qilish organlarining “maxsus ro‘yxat” idan chiqarildi, bunday "ro‘yxatlarni" yuritish amaliyoti to‘xtatildi. 2019-yil davomida ekstremizmda ayblangan 472 kishi avf etildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim rahbari o‘tgan yilda “Mehr” dasturiga ko‘ra, Suriya va Iroq hududlaridan 220 dan ortiq o‘zbekistonliklar (asosan bolalar va ayollar) qaytarib kelinganini ta’kidlarkan, dastur doirasida qaytarilgan fuqarolarni reabilitasiya qilish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida maqsadli ishlar olib borilganini bildirdi.
Diplomatik korpus va diniy konfessiyalar vakillari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilgan islohotlar tahsinga sazovorligini, bu sohada ancha ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lganini bildirishdi.

Manba