SMTIda Belarus Strategik tadqiqotlar instituti (BSTI) mutaxassislari ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbir shu yil iyul oyida Minskda imzolangan SMTI va BSTI o'rtasidagi 2019-2020 yillarga mo'ljallangan ikki tomonlama hamkorlik doirasidagi qo'shma tadbirlar rejasiga muvofiq tashkil etildi.
Tadbirda Xalqaro munosabatlar Axborot-tahlil markazi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, shuningdek, Belarusning Toshkentdagi elchixonasi xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida O'zbekiston-Belarus munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda muhokama qilindi.
Qatnashuvchilar ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil avgust oyida Belarus Respublikasiga birinchi rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari o'rtasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi ekanligini ta'kidlab o’tishdi. Uning yakunlari bo'yicha 11 ta hukumatlararo va idoralararo bitimlar imzolangan edi.
Bu o’rinda Minskda Belorussiya va O'zbekiston birinchi mintaqaviy forumining o'tkazilishi O'zbekiston-Belorusiya hamkorligini rivojlantirishga kuchli turtki berganligi va natijada tibbiyot, qishloq xo'jaligi, axborot texnologiyalari sohasida qiziqarli loyihalar amalga oshirilganligi alohida ta'kidlab o’tildi.
Tomonlar o’rtasida AKT sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hamkorlik aloqalari qisqa vaqt ichida o’z samarasini ko’rsata boshladi. Shu yilning sentyabr oyida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov Belorussiyaning IT texnologiyalari sohasidagi bir guruh yetakchi mutaxassislarini qabul qildi. Shu bilan birga, Belkommunmash tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi elektr avtobus Toshkent ko'chalarida sinovdan o'tkazilmoqda.
Toshkent traktor zavodida MTZ traktorlari, shuningdek nafaqat O'zbekiston, balki Afg'oniston va Pokiston bozorlarining ehtiyojlarini qondirish uchun dori-darmon ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish istiqbolli yo'nalish hisoblanadi.
Ikki mamlakat hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirishning ushbu va boshqa mavzulari, shuningdek, yangi istiqbolli yo'nalishlarini izlash O'zbekiston va Belorussiyaning yetakchi tahlil markazlari mutahassislari muloqoti markazida bo'ldi.
Bundan tashqari, Belorussiyalik mutaxassislarning tashrifi davomida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasida, Markaziy saylov komissiyasida, O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasida, Taraqqiyot strategiyasi markazida, Yuksalish milliy harakatida, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida uchrashuvlar bo’lib o’tishi rejalashtirilgan.
Ma'lumot uchun: BSTI joriy yilning fevral oyida tashkil etilgan bo'lib, uning asosiy faoliyati Belorussiya davlat organlariga tashqi va ichki siyosatning strategik sohalarida axborot va tahliliy yordam ko'rsatishdan iborat. Shunisi e'tiborga loyiqki, SMTI BSTIning birinchi xorijiy hamkori bo'ldi. Belorussiya instituti tashkil etilgandan keyin o'tgan qisqa vaqt ichida SMTI va BSTI o'rtasida juda iliq munosabatlar o'rnatildi. Ikki Institut rahbariyati darajasida uchta uchrashuv bo'lib o'tdi.