SMTIda Eron Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 22 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Eron Islom Respublikasining yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammadali Iskandariy bilan uchrashuv o’tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Eron munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi tahliliy markazlari o‘rtasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Fursatdan foydalanib, Eldor Aripov elchini Eronning Toshkentdagi diplomatik missiyasi rahbari lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi va mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Muhammadali Iskandariy O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida mamlakatimizni rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi.

Eron diplomatik missiyasi rahbari so‘nggi yillarda Toshkent va Tehron o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi aytib o’tildi. Shu nuqtai nazardan, 2017-2023-yillar oralig‘ida tovar ayirboshlash hajmi 60 foizdan ortiq (325 mln dollardan 505 mln dollargacha) o‘sganligi qayd etildi. 2023-yilda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi transport aloqalarini chuqurlashtirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ikki davlat “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon” (“Ashxobod kelishuvi”), “Markaziy Osiyo-Eron-Turkiya”, “Markaziy Osiyo - Bandar Abbos porti”/ Chobahor porti” kabi qator transport yo‘laklarini ilgari surish yo‘lida faol hamkorlik qilayotganini ta’kidladilar. “Bu davlatlarimizga oʻzaro manfaatli asosda savdo salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi”, dedi eronlik diplomat.

Uchrashuv ishtirokchilari ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘layotganini qayd etdilar.

Suhbatdoshlar, shuningdek, ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishda ikki mamlakat “aql markazlari” o‘rtasidagi muloqot muhim o‘rin tutishini, bu esa o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini birgalikda izlashga muhim hissa qo‘shishi mumkinligini e’tirof etishdi.