Joriy yil 7 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) SMTI direktori Eldor Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti (MSTI) rahbari Sanjar Mukanbetov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, SMTI va MSTI o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhokama qilindi.
Eldor Aripov Sanjar Mukanbetovni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti direktori lavozimiga tayinlanishi bilan samimiy tabrikladi va faoliyatiga omad tiladi.
Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan munosabatlar va siyosiy aloqalar kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yuqori sur’atlar bilan o‘sib borayotgani ta’kidlandi. 2023-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bir milliard dollarga yaqinlashdi, bu 2017-yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘pdir.
Suhbat davomida Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston (XQO’) temir yo'lini amalga oshirishning strategik ahamiyatiga alohida e'tibor qaratildi. Joriy yilning 6 iyun kuni XQO’ temir yoʻli qurilishi boʻyicha strategik loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv imzolangani Yevroosiyoning keng mintaqasida iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, mehmon 5-6 iyun kunlari Toshkentda bo'lib o'tgan "Xitoy - Markaziy Osiyo" tahliliy markazlari forumi va Shanxay hamkorlik tashkiloti forumi yakunlariga yuqori baho berib, ushbu muhim tadbirlar mintaqaning yanada hamkorlikka ochiqligini yana bir bor namoyish etganini aytib o’tdi.
Uchrashuv yakunida suhbatdoshlar bo'lajak sammitlar kun tartibini boyitishga qaratilgan ikki tomolama ekspert tadbirlari va ish safarlarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti joriy yilning aprel oyida Qirg‘iziston Strategik tadqiqotlar instituti va Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari institutini birlashtirish orqali tashkil etilgan.