Kecha O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo'yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashi (MEK) ishchi guruhlarining birinchi yig'ilishi onlayn tarzda bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" muxbiri.
Tadbir davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan, O'zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi bilan birgalikda tomonidan tashkil etildi.
Yig'ilish O'zbekiston va BMTning terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o'rtasida 2024-2025-yillarga mo'ljallangan hamkorlik to'g'risidagi "Yo'l xaritasi"ni amalga oshirish doirasida bo'lib o'tdi.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari, Mintaqaviy ekspertlar kengashi a'zolari, shuningdek, 10 dan ortiq xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, YUNICEF, YUNODC, Xalqaro qizil xoch qo'mitasi, YXHT, YI, GCERF xodimlari qatnashdi.
Anjuman davomida 14-may kuni Toshkentda bo'lib o'tgan Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig'ilishi yakunlari ko'rib chiqildi. Shuningdek, 2024-2025-yillarga mo'ljallangan ishchi guruhlarning dastlabki rejalari hamda reabilitatsiya va reintegratsiya sohasida amaliyotchilarning norasmiy mintaqaviy tarmog'ini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar O'zbekiston Prezidentining MEKni tashkil etish bo'yicha tashabbusi prokuratura, repatriatsiya va reintegratsiya sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda samaradorligini yana bir bor ta'kidladilar.
Kengash Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida o'z fuqarolarini mojaro zonalaridan qaytarish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda yangi chaqiriq va tahdidlarni muhokama qilish, shuningdek, bu yo'nalishda mintaqaviy hamkorlik samaradorligini oshirish sohasida tajriba almashish uchun o'ziga xos platformaga aylangani qayd etildi.
So'zga chiqqanlar BMT Xavfsizlik Kengashining 23-iyul kuni bo'lib o'tgan yig'ilishida Mintaqaviy ekspertlar kengashi tashkil etilgani yuksak baholangani va uning bugungi sharoitda dolzarbligi ko'rsatilganiga e'tibor qaratdilar.
Bundan tashqari, mintaqa davlatlarining terrorizmga qarshi kurashish borasidagi tajribasi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning Markaziy Osiyo bo'ylab safari chog'ida o'ziga xos yondashuv sifatida e'tirof etilgani alohida ta'kidlandi.
Ma'ruzachilarning so'zlariga ko'ra, Kengashning tashkil etilishi Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro majburiyatlarga va terrorizmga qarshi kurashishda ko'p tomonlama hamkorlikka sodiqligidan dalolat beradi.
Ishtirokchilar Mintaqaviy ekspertlar kengashi qaytganlarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiya qilish bo'yicha o'zaro hamkorlikning ishonchli mexanizmini ifodalaydi va boshqa mintaqalar uchun namunali modeli sifatida ko'rib chiqilishi mumkinligiga ishonch bildirdilar.
Eslatib o'tamiz, shu yilning 14-may kuni Toshkentda Qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo'yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashi o'z faoliyatini boshlangan edi.
MEK tuzilmasi Ijroiya qo'mitasi va quyidagi to'rtta ishchi guruhdan iborat:
-Javobgarlik, huquqiy va sud-huquq masalalari;
-Psixologik-ijtimoiy yordam, sog'liqni saqlash va ta'lim;
-Terroristik g'oyalarga qarshi kurashish;
-Konsensus asosida tavsiyalar va/yoki taklif qilingan yechimlarni taqdim etish uchun muntazam ravishda yig'iladigan fuqarolik jamiyati, shu jumladan ayollar va yoshlar ishchi guruhlari.
Oldingisi
SMTIda britaniyalik ekspert bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yil 24 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Oksford universiteti professori Piter Frankopan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
24.07.2024