Epidemiologik vaziyatni oʻnglash uchun davlat idoralari, jamiyat institutlari va aholi birligi zarur

Xabaringiz bor, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan amaldagi karantin cheklovlari 15-avgustga qadar uzaytirildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 23-iyul kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlaganidek, mamlakatda epidemiologik vaziyatni oʻnglash zarurati davlat idoralari, jamiyat institutlari va aholi oldiga muhim vazifalar qoʻymoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Shafoat NURULLAYEVA bilan suhbatimiz ana shu mavzu doirasida boʻldi.

– Karantin muddatining uzaytirilishi hududlarda epidemiologik vaziyatni mustahkamlash hamon dolzarb boʻlib qolayotgani va bu borada nafaqat davlat, balki jamiyatimizning ham barcha imkoniyatlarini keng ishga tushirishni, shuningdek, muammoni yengib oʻtish uchun kuchlarni birlashtirish lozimligini anglatadi, – deydi Sh.Nurullayeva. – Mamlakatimizda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat bevosita davlatimiz rahbari tomonidan nazoratga olingan boʻlib, har bir yigʻilishda bu masalaga eʼtibor qaratilmoqda, aniq vazifalar belgilab olinmoqda, chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Muammoni yengish borasida bu juda muhim yondashuv boʻlib, amalda hech bir fuqaro bunday koʻrinmas yov oldida yolgʻiz emasligi, aksincha, davlat himoyasida ekanligidan dalolat.

Kutilmaganda paydo boʻlgan ushbu pandemiya barcha mamlakatlarni sarosimaga solgani, undan davo imkoniyatlari haligacha yaratilmagani bois, koʻplab davlatlar hamon oʻzlarini oʻnglab ololmayotgani bor gap. Ayrim mamlakatlarda infeksiya yana kuchayayotgani kuzatilmoqda. Bugungi kunga kelib dunyo boʻyicha ushbu kasallikdan zararlanganlar soni 16 million kishidan oshib ketdi. Kunlik oʻsish 275 mingdan ortiq kishini tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich 2020-yilning 1-aprelida 925 ming kishini tashkil etgan boʻlsa, may oyi boshida ularning soni 3,3 million kishiga yetdi. Dunyo boʻyicha bugungi kungacha oʻsish 1-aprelga nisbatan 16 barobarni, may oyi boshiga nisbatan, yaʼni koʻpgina mamlakatlarda karantin choralari yumshatilganidan soʻng 6 barobarni tashkil qilmoqda.

Mutaxassislar dunyoda bunday epidemiologik holatning kuchayishi aynan karantin choralarining yumshatilishi, ayrim mamlakatlarda ularning bekor qilinishi va, ayniqsa, ushbu sharoitda koʻplab odamlarning sanitariya-epidemiologik va ijtimoiy qoidalarga rioya qilmay qoʻygani sabab boʻlayotganini taʼkidlashmoqda.

Mamlakatimizda 16-may holatiga, yaʼni qatʼiy karantin choralari yengillashtirilgan kunga qadar koronavirus infeksiyasidan zararlanganlar soni 2 ming 738 kishini tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib kasallanganlar soni 7 barobarga koʻpaydi. Bunday vaziyat yuzaga kelishiga qatʼiy karantin choralari yengillashtirilganidan keyin ayrim korxonalar va aholi orasida saqlanib qolingan karantin talablariga, gigiyena qoidalariga rioya etmaslik asosiy sabablardan boʻldi, deyish mumkin. Shu bois, infeksiya tarqalishini jilovlashda eng asosiy vazifa tegishli karantin choralarining barcha tomonidan qatʼiy qoʻllanilishidir.

– Darhaqiqat, “COVID-19” bilan kasallanganlar sonining ortishiga karantin choralarining yumshatilishi sharoitida aholi orasida saqlab qolinishi shart qilib belgilangan ayrim gigiyenik va ijtimoiy talablarga qatʼiy rioya qilmaganlik holatlari asosiy sabab qilib koʻrsatildi. Yana qanday omillar kasallikning avj olishiga sabab boʻldi, deb oʻylaysiz?

– Bunday koʻpsonli odamlar kasallanishi bilan bogʻliq vaziyatga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan barcha omillar yagona tizim doirasida, oʻzaro bogʻliq holda harakatlanishi maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Xususan, pandemik vaziyatni barqarorlashtirishning natijadorligi samarali boshqaruv tizimi, jumladan, sogʻliqni saqlash sohasining mustahkamligi, bemorlarni davolash uchun yaratilayotgan sharoitlar, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotidagi vaziyat bilan bir qatorda aholining tibbiy madaniyati, uning pandemiya sharoiti talab qiladigan qoidalarga toʻliq va qatʼiy rioya qilishiga ham bogʻliq, desak toʻgʻri boʻladi.

Shu maʼnoda aytish lozimki, may-iyun oylarida qatʼiy karantin choralari anchagina yengillashtirilganligi, ayrim korxonalar va aholi orasida “boshqacha” qabul qilindi. Jamiyatda, garchi har kun ommaviy axborot vositalari, tibbiyot xodimlari tomonidan pandemiyaning ogʻir oqibatlari toʻgʻrisidagi ogohlantirishlar hamda karantinning saqlab qolingan ayrim muhim talablariga rioya qilish zarurligi haqidagi chaqiruvlarga qaramasdan, “karantin bekor boʻldi, endi oldingi hayot tarziga qaytamiz”, degan tushuncha va xatti-harakatlar kuchaygani kuzatildi.

Masalan, mamlakatda oʻrnatilgan karantin talablariga joylarda va poytaxtimizda bepisandlik bilan qaralib, ularga rioya etmasdan toʻylar oʻtkazish, buning natijasida yuzlab kishilar koronavirus infeksiyasini yuqtirgani toʻgʻrisida xabarlar koʻp tarqaldi. Bu esa, ushbu kasallikning vaksinasi va davo dorisi hali topilmagan sharoitda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatning jiddiylashuvi sabablaridan biri boʻldi.

Shunday sabablardan yana biri, umumiy ovqatlanish obyektlarining aksariyatida tartib-qoidalarga rioya qilinmaganidir. Belgilanganidek, 4 kishidan ortiq boʻlmagan holda mijozlarga xizmat koʻrsatish oʻrniga 10 va undan ortiq kishilar ishtirokida tugʻilgan kun va ziyofatlar oʻtkazish holatlari kuzatildi.

Jamoat transportlarida oʻrnatilgan karantin qoidalariga rioya etilmaganlik ham (xususan, avtoulov salonlarida yoʻlovchilar sonining koʻp boʻlishiga yoʻl qoʻyish) ushbu kasallik bilan zararlanganlar soni ortishiga sabab boʻldi, deyish mumkin.

Bundan tashqari, dehqon va kiyim-kechak bozorlarida belgilangan karantin qoidalarining buzilishi, tana harorati yuqori boʻlaturib bozor hududiga savdogar va xaridorlar kirishiga ruxsat berilishi, bozorlar hududida niqobsiz yoki nomigagina niqob taqib yurish holatlarining bozor maʼmuriyatlari tomonidan yetarli darajada nazorat qilinmaganligi ham salbiy oqibatlarga – aholi orasida koronavirusdan zararlanish ortishiga taʼsir qildi.

Yana bir tashvishli holat haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Kuzatishlar shuni koʻrsatmoqdaki, ayrimlar tibbiyot niqoblarini oʻz sogʻligʻini oʻylab emas, balki “talab etilayotgani uchun”gina taqishayotganlari koʻzga tashlanmoqda. Niqoblarni bir necha kunlab almashtirmasdan taqib yurishni odat qilganlar ham yoʻq emas. Bu antisanitariya holatining yomonlashuviga sabab boʻlishi mumkinligini mutaxassislar tasdiqlashmoqda. Bugungi kunda niqoblarni aptekalardan sotib olish ancha bemalol boʻlib qolganini, qolaversa, bir parcha matodan uy sharoitida ham shunday niqoblarning bir nechtasini tikib olish, uni yuvib, dazmollab ishlatish mumkinligini inobatga olib, bu boradagi tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozim deb oʻylayman.

– Prezidentimiz taʼkidlaganidek, biz pandemiya sharoitida yashashga oʻrganishimiz lozim. Uzoq muddat karantin joriy qilish imkonsiz. Karantin yumshatilgan taqdirda esa, kasallikdan zararlanishning har kunlik soni bir necha barobarga oshishi mumkin. Bunday vaziyatga biz tayyormizmi? Minglab aholiga malakali tibbiy yordam koʻrsatish imkoni yetarlimi, oʻlim holatlari keskin oshib ketmaydimi?

– Karantin muddatining 15-avgustgacha uzaytirilishining sababi ham shunda. Mamlakatimizda bugungi kunga kelib epidemologik holat oʻnglanmoqda, tez tibbiy yordam faoliyati normallashtirilmoqda, kasallanganlar uchun qoʻshimcha joylar yaratilmoqda. Shuni inobatga olish kerakki, davlatimiz hozirgidek pandemik vaziyat bilan birinchi marta toʻqnash kelmoqda. Biz jarayon davomida bilimlarimizni oshirib, kamchiliklarimizni toʻgʻrilab bormoqdamiz. Hozirgi oʻrnatilgan cheklovlar yetarli darajada yengil xarakterga ega boʻlib, ularni apreldagi cheklovlar bilan taqqoslab boʻlmaydi.

Karantin choralari asosan xizmat koʻrsatish va umumiy ovqatlanish sohalariga tegishli boʻlib, ular odamlar koʻp toʻplanadigan tarmoqlar hisoblanadi. Iqtisodiyot tarmoqlari faoliyati davom etmoqda. Iqtisodiy faollikning keskin pasayishini kutish kerak emas. Aksincha, faoliyati toʻxtab qolgan korxonalarning 70 foizini shu yilning sentyabr oyida, yil oxirigacha esa qolgan barchasining faoliyatini tiklash rejalashtirilmoqda. Epidemiologik vaziyatning yaqin kelgusida barqarorlashuvi karantin cheklovlarini yengillashtirishga imkon beradi. Vaziyatning barqarorlashuvidan kelib chiqib, cheklovlar taʼsir qilgan korxonalar faoliyati tiklanishi uchun yordam koʻrsatilishi nazarda tutilmoqda. Hokimlarga iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha aniq va tushunarli topshiriqlar berilgan. Shu bilan birga aholining salomatligini himoya qilish va uning iqtisodiy farovonligini taʼminlash oʻrtasida samarali muvozanatni shakllantirish davlatimizning asosiy maqsadi boʻlib qolmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, qatʼiy karantin choralarining qayta joriy etilishi kasallik yuqishi holatlarini jiddiy kamaytirish, yaʼni uning “zanjirini uzish” orqali koronavirus infeksiyasidan zararlangan, ogʻir ahvoldagi bemorlarga eʼtiborni kuchaytirib, oʻlim holatlarini keskin kamaytirish imkonini beradi. Shu bois, barchamiz karantin talablari, sanitariya-gigiyenik hamda ijtimoiy qoidalarga qatʼiy rioya qilishimiz, shifokorlar maslahatlariga tayanib, ushbu koʻrinmas yovni birgalikda yenga olishimizga ishonishimiz lozim.

Manba