Joriy yilning 13-14-noyabr kunlari Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Terrorizmni moliyalashtirishda kriptovalyutalardan foydalanishga qarshi kurashish” mavzusida mintaqaviy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir tashkilotchilari sifatida BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo'yicha Mintaqaviy markazi, Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevroosiyo guruhi (EAG), Rossiya Federatsiyasining Moliyaviy monitoring bo'yicha federal xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi qayd etilgan.
Tadbirdan koʻzlangan maqsad EAG aʼzolarining terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun virtual aktivlardan foydalanishga qarshi kurashish boʻyicha xabardorligini oshirish va mazkur yo’nalishda tavsiyalar tayyorlashdan iborat.
Maslahatlashuvlarda Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va Hindistonning huquq-tartibot va sud organlari, moliyaviy razvedka idoralari mutaxassislari ishtirok etdi.
Ma’ruzachilar sifatida BMTning Terrorizmga qarshi kurash markazi, EAG, Interpol, YeXHT, ShHT MATT va MDH Aksilterror markazidan yetakchi ekspertlar taklif etildi.
Tadbirda barcha aʼzo davlatlarning terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha milliy majburiyatlari tegishli xalqaro hujjatlarda, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining 1267 (1999), 1373 (2001), 1989 (2011) va 2253 (2014) rezolyutsiyalari, Terrorizmni moliyalashtirish bo'yicha xalqaro konventsiya va Moliyaviy harakatlar bo'yicha harakat guruhi (FATF) tavsiyalarida belgilangani taʼkidlandi.
Ushbu hujjatlar hukumatlarga moliyaviy oqimlar monitoringini yaxshilash, terrorchilar aktivlarini muzlatish va noqonuniy moliyaviy aktivlardan noto'g'ri foydalanish xavfini aniqlash va kamaytirishni tavsiya qiladi.
So‘zga chiqqanlar terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish uchun mamlakatlar moliyaviy razvedka xizmatlari darajasida faol axborot almashishi, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirishi zarurligini ta’kidladilar.
Qayd etilishicha, naqd pul o‘tkazmalari va “havala” to‘lovlari terrorchilar tomonidan pul mablag‘larini ko‘chirishda qo‘llaniladigan asosiy usullar bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirish uchun yangi vositalardan foydalanish ko‘paygan. Xususan, mobil to‘lov tizimlari, virtual aktivlar (jumladan, bitkoinlar va unchalik mashhur bo‘lmagan kriptovalyutalar), onlayn birjalar va elektron hamyonlar jinoiy faoliyatda faol qo‘llanila boshlandi. Bu ko'p jihatdan davlatlar tomonidan kriptovalyutalarni kuzatish qiyinligi, ularning anonimligi va pul oqimi yo'nalishini aniqlashning mumkin emasligi bilan bog'liq.
Shu munosabat bilan, 2020-yilda BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan boshlangan Terrorizmni moliyalashtirishni aniqlash, oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha dasturi doirasida a’zo davlatlarga har tomonlama uslubiy yordam ko‘rsatilmoqda, shu jumladan, virtual aktivlar bilan ishlash bo’yicha.