Forum Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Malayziya, Turkiya, Pokiston, Ozarbayjon va boshqa davlatlarining yetakchi ekspertlari, parlamentariylari, ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlarini bir joyga toʻpladi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akromjon Neʼmatov favqulodda holatlarda koʻp tomonlama hamkorlik va xalqaro tashkilotlarning roli haqidagi maʼruza bilan chiqish qildi.
U oʻz chiqishida xalqaro hamjamiyat oldida turgan qator global vazifalar, shuningdek Markaziy Osiyoga oid jarayonlarga toʻxtalib oʻtdi.
Ekspert pandemiya sharoitida keng xalqaro hamkorlikni toʻxtatib turgan asosiy muammolar qatorida proteksion kayfiyatning oʻsishi, kelishmovchiliklar, dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi raqobatning kuchayib borishini taʼkidladi. A.Neʼmatovning fikricha, bunday tendensiyalar bu kabi chaqiriqlarni hal qilish va dunyo hamjamiyati barcha aʼzolarining manfaatlarini himoya qilish uchun tashkil etilgan xalqaro tashkilotlar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Shu bois, munozara qatnashchilarining eʼtibori xalqaro tashkilotlarda konstruktiv muloqotni qoʻllab-quvvatlash va ishonchni mustahkamlash zarurligiga qaratildi. Ekspertning fikricha, bu elementlarsiz yagona yondashuvlarni qurish va insoniyat oldida turgan chaqiriq va tahdidlarga muvofiqlashtirilgan javob berish imkonsizdir.
“Global muammolar global javoblarni talab qiladi” – dedi Neʼmatov. “Dunyo mamlakatlari faqatgina birdamlikni mustahkamlash orqali koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirgandagina, koronavirus inqirozining salbiy oqibatlarini yengib oʻtishlari mumkin”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston - globallashuv jarayonlarini rivojlantirish va teng huquqli xalqaro hamkorlik tarafdoridir.
Mamlakatimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yoʻlida qulay tashqi sharoitlar yaratish maqsadida xalqaro aloqalarning barcha subyektlari bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni saqlab turadi.
Shu bois, mintaqa va butun dunyodagi hamkor mamlakatlar bilan siyosiy darajadagi oʻzaro hamkorlik va ishonchni mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining konseptual asoslarini shakllantirishning hal qiluvchi omillariga aylandi.
Bunday yondashuv samarasida, mamlakatimiz oʻzaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi, BMT, SHHT, MDH, IHT, YEXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv faoliyatini kengaytirdi, eng muhimi, MO mintaqasida tub oʻzgarishlarga erishdi.
Respublikamizning MO mintaqasida toʻplanib qolgan muammolarni manfaatlarni hisobga olgan holda, izchil muloqot va kelishuvlar asosida tartibga solishga intilishi mintaqada doʻstlik, ishonch va oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangicha muhitini yaratdi.
Neʼmatovning soʻzlariga koʻra, mintaqadagi oʻzaro munosabatlarning bunday oʻzgarishi xalqaro hamjamiyat tomonida eʼtirof etilib, qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Ekspert misol tariqasida BMT ning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi boshligʻi Natali Germanning soʻzlarini keltirib oʻtdi: “Jiddiy qiyinchiliklar davrida Markaziy Osiyoda birdamlik, hamjihatlik va ishni yaxshi yoʻlga qoʻyishlik namunasi oʻrganishga va taqlid qilishga loyiqdir va u kelajakda shu kabi va murakkab vaziyatlarda barqaror javob qaytarish uchun xalqaro meʼyoriy hujjatlar bilan mustahkamlanishi kerak”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari chiqishi yakunida Oʻzbekistonning pragmatizm, mintaqaviy yakdillikni qoʻllab-quvvatlash va keskin masalalarni tezkor hal etishga yoʻnaltirilgan faol tashqi siyosati mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat saʼy-harkatlariga qoʻshgan munosib hissasi ekanini qayd etdi.
Konferensiya oʻz ishini davom ettirmoqda, yalpi majlislardan tashqari, seksiya muhokamalari oʻtkazilishi ham koʻzda tutilgan. Ularda ishtirokchilar keng doiradagi masalalar, jumladan korona inqirozini yengib oʻtish va uning ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirini yumshatish boʻyicha choralarni muvofiqlashtirish uchun xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yoʻllariga toʻxtalib oʻtadilar. Konferensiya yakunlari Markaziy Osiyo va Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar faoliyatidagi yangi rolini anglash uchun konseptual asosni shakllantirishga qaratilgan.