SMTIda Ummon Sultonligi elchixonasining dipmissiya boshlig`i o`rinbosari A.Al-Shanfari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Muzokaralar davomida O`zbekiston va Ummon davlati o`rtasidagi ikkitomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.
A.Al-Shanfarining fikricha, so`nggi vaqtlarda O`zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatning investitsion va turistik salohiyati o`sib bormoqda. Shu sababli rasmiy Maskat O`zbekistondagi investitsion loyihalarda faol ishtirok etish istagini bildiradi va shu bilan bir qatorda o`zbek ishbilarmon doiralarini ham Ummondagi investitsion loyihalarda ishtirok etishga chorlaydi.
O`zbek-ummon munosabatlari rivojlanish istiqbollariga to`xtalgan holda, diplomat Maskatda O`zbekistonning rasmiy elchixonasi ish boshlaganligini quvonch bilan ta`kidladi.
A.Al-Shanfarining ta`kidlashicha, bu hodisa albatta ikkitomonlama siyosiy muloqotning mustahkamlanishiga va savdo-iqtisodiy, turizm, transport va logistika sohalarida hamkorlikning kengayishiga xizmat qiladi.
Shu bilan bir qatorda, ikki davlat o`rtasida informatsion-tahliliy jixatdan fikr ayirboshlashni yo`lga qo`yish maqsadida diplomat Ummon Diplomatik instituti va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o`rtasida hamkorlik aloqalarini o`rnatish taklifini bildirdi.