O‘zbekiston Ar-Riyodda o‘tkazilgan xalqaro gumanitar forumda reabilitatsiya va reintegratsiya borasidagi muvaffaqiyatli tajribasini namoyish etdi

Joriy yilning 24-25 fevral kunlari Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ar-Riyodda o‘tkazilgan 4-Xalqaro gumanitar forumda ishtirok etdi.

Qirol Salmon nomidagi Gumanitar yordam markazi (KSrelief) hamda BMT tomonidan tashkil etilgan ushbu forumda xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar va davlat arboblarini  gumanitar diplomatiya sohasidagi global muammolarni muhokama qilish, shuningdek, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va insonparvarlik masalalarini hal etishda ko‘p tomonlama sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish masalalarini ko‘rib chiqish maqsadida bir joyga to‘pladi.

Forumning e’tibor markazida BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari orqali favqulodda va uzoq muddatli yordam ko‘rsatishni davom ettirish maqsadida jahon hamjamiyatini birlashtirish masalalari bo’ldi. Bu, jumladan, butun dunyo bo‘ylab ehtiyojmandlarni oziq-ovqat, uy-joy, tibbiy ashyolar va moddiy-texnik yordam bilan ta’minlashni o‘z ichiga oladi.

Forumning yuqori martabali mehmonlari sifatida Saudiya Arabistoni Qirolligi tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud, Xalqaro Migratsiya Tashkiloti bosh direktori Emi Poup, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti Bosh direktori Tedros Gebreyesus, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Bosh direktori Pyer Krenbyul, Yevropa Komissiyasining Yevropa fuqarolik himoyasi va gumanitar yordam bo‘yicha Bosh direktori Machey Popovski, shuningdek, UNICEF Ijrochi direktori Ketrin Rassel va boshqalar ishtirok etdilar.

"Reabilitatsiya va reintegratsiya: qiyinchiliklarni yengish va imkoniyatlarni izlash" sessiyasida so‘zga chiqqan Eldor Aripov qurolli mojarolar hududlaridan qaytarilgan fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha O‘zbek modelini taqdim etdi.
U terrorizmga qarshi kurash faqat kuch ishlatishni emas, balki radikallashuvning asosiy sabablarini, jumladan, ijtimoiy izolyatsiya, ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi va iqtisodiy beqarorlikni bartaraf etishni ham talab qilishini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston 2019-yildan boshlab "Mehr" insonparvarlik missiyasini amalga oshirib kelmoqda. Uning doirasida 530 dan ortiq fuqaro, asosan ayollar va bolalar vataniga qaytarildi. Ularning jamiyatga moslashuvi uchun tibbiy, ruhiy va ijtimoiy yordamni o‘z ichiga olgan keng qamrovli reabilitatsiya dasturi ishlab chiqildi.

Tadbir davomida SMTI rahbari ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan qaytib kelganlarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta qo‘shish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ekspertlar kengashining faoliyati bilan tanishtirdi.

Qayd etilishicha, Kengash BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi homiyligida 2024-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sud-huquq masalalari, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ekstremistik fikrlarga qarshi kurashish va fuqarolik jamiyatining ishtirokini ta’minlashni o‘z ichiga oladi.

Erishilgan yutuqlarga qaramay, reabilitatsiya va reintegratsiya sohasidagi ishlar yanada takomillashtirishni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Mintaqaviy ekspertlar kengashini reintegratsiya va reabilitatsiya bo‘yicha xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish g‘oyasiga qiziqish paydo bo‘lgani qayd etildi. Ishtirokchilarning fikricha, bu turli mamlakatlarning reabilitatsiya va reintegratsiya sohasidagi tajribasini birlashtirish, yordam ko‘rsatishning global standartlari va uslublarini ishlab chiqish, mojarolar qurbonlarining jismoniy va ruhiy salomatligini tiklash, hamda odamlarni faol hayot va mehnat faoliyatiga qaytarish uchun o‘qitish va qayta tayyorlashga ko‘maklashadi.

Ma’lumot uchun. KSrelief har ikki yilda Saudiya Arabistoni Podshohligida Ar-Riyod Xalqaro gumanitar forumini (RIHF) tashkil etadi. RIHF forumida gumanitar soha yetakchi vakillari, jumladan donorlar, amaliyotchi mutaxassislar, tadqiqotchilar va boshqa ekspertlar ishtirok etib, gumanitar yordam sohasidagi qonunchilik, axborot texnologiyalari va logistika masalalari bo‘yicha muloqotni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqdalar.

Forum, dolzarb gumanitar muammolarni muhokama qiladi hamda xalqaro gumanitar tamoyillar va standartlarga muvofiq, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish doirasida innovatsion amaliy yechimlarni ishlab chiqadi.