SMTIda YeXHT delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning YeXHT delegatsiyasi xususan YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen, Finlyandiyaning Tashkilot huzuridagi doimiy vakolatxonasi maxsus maslahatchisi Edit Vakkilaynen, maslahatchi Katarina Lindstedt, shuningdek, Norvegiyaning YeXHT huzuridagi doimiy vakili o‘rinbosari Knut-Are Sprouten Okstad bilan uchrashuvi bo‘lib o’tdi.

Eslaib o’tamiz, 2025 yilda Finlyandiya YeXHTga raislikni Maltadan qabul qildi. Bu yil YeXHT tashkil etilishiga asos solgan Xelsinkida bo’lib o’tgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashi o‘tkazilganiga ham 50 yil to‘ldi.

Finlyandiyaning ustuvor yo‘nalishlari qatoriga YeXHTga a’zo davlatlarning barqarorligini kuchaytirish va yoshlar uchun imkoniyatlarni yaxshilash kiradi. Shu asnoda mintaqaviy hamkorlik jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash, terrorizmga qarshi kurash, chegaralarni boshqarish va hokazolar kontekstida Markaziy Osiyoga eʼtibor kuchayishi kutilmoqda.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan qurolli to'qnashuv hududlaridan qaytgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiyalash bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashining muhim o‘rni ta’kidlandi.

2024-yilning noyabr va dekabr oylarida BMTning Jeneva va Nyu-Yorkdagi qarorgohlarida ushbu mavzuga bag‘ishlangan yuqori darajadagi taqdimotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, YeXHTda katta qiziqish uyg‘otgani qayd etildi.

Elchi Antti Karttunen YeXHT reabilitatsiya va reintegratsiya sohasida tajriba almashishda samarali platformaga aylangan Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar onlayn-makonda terrorizm va ekstremizm targ‘ibotiga qarshi kurashish masalalarini ham muhokama qildilar. Internet tarmoqlaridagi noqonuniy faoliyatning oldini olish uchun mintaqa mamlakatlari hukumatlari va yirik raqamli platformalar o‘rtasida barqaror hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalarning yana bir muhim mavzusi Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni muhokama qilish bo‘ldi. Ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishi va mintaqalararo savdo aloqalariga integratsiyalashuvi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikning asosiy omillari ekani ta’kidlandi. Bundan tashqari, barqaror Afg‘oniston transmintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun noyob strategik imkoniyatlar taqdim etishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va YeXHT o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyoda qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyati 2024-yil 14-may kuni Toshkent shahrida rasman boshlangan edi.