Shu yilning 18 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov BMT Bosh kotibining yordamchisi Miroslav Yencha va BMT Bosh kotibining maxsus vakili, tashkilotning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, BMTning maxsus muassasalari bilan hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari keyingi yillarda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladilar. M.Yenchaning taʼkidlashicha, “qisqa vaqt ichida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Oʻzbekistonda Tashkilot shafeligida koʻplab qoʻshma tadbirlar tashkil etildi”.
Mehmonlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasini birlashtirishdagi rolini ham alohida ta’kidladilar. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mintaqasi yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlik makoniga aylanib borayotganiga e’tibor qaratilmoqda. – Biz O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlik integratsiyasining dvigateli sifatidagi rolini yuqori baholaymiz, – dedi M.Yencha.
Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr almashish va takliflar ishlab chiqish uchun samarali platformaga aylangan Markaziy Osiyo ekspertlar forumini tashkil etishda SMTI va MOPDMM o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatilishi ta’kidlandi.
Muzokaralar chogʻida Afgʻonistondagi vaziyat sharoitida mintaqada xavfsizlikni taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha birgalikdagi ishlar muhimligi ta’kidlandi.
Fursatdan foydalanib, SMTI direktori Kaxa Imnadzeni BMT Bosh kotibining maxsus vakili etib tayinlangani bilan samimiy tabrikladi. U, shuningdek, O‘zbekiston tomoni MOPDMM bilan tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.