Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqasida yangi turdagi psixofaol moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 16-yanvar kuni Toshkentda "Markaziy Osiyoda yangi turdagi psixofaol moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish muammolari tahlili" mavzusida gibrid formatda onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir SMTI hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bilan hamkorlikda BMTning Narkotik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (BMT NJB) Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron, Pokistondagi mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.

Onlayn uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirlik va idoralaridan 30 dan ortiq mutaxassis, shuningdek, yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari hamda ekspertlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyoda hozirgi narkologik vaziyat haqida ma’ruza qildilar hamda yangi turdagi psixofaol moddalarning mintaqada tarqalishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

SMTI direktori Eldor Aripov o‘zining kirish so‘zida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi yuzaga kelgan narkovaziyat giyohvandlik vositalarini, ayniqsa, sintetik moddalarning noqonuniy tarqalishini izchil o‘sib borayotganini alohida ta’kidladi.

"Bu sohada kuzatilayotgan musodaralar va jinoyatlar hajmi ortib bormoqda. Internet platformalari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida giyohvand moddalar reklamasi kengaymoqda. Jinoiy guruhlarning nishoniga, avvalo, yoshlar tushmoqda," dedi u.

Uning aytishicha, alohida mamlakatlarning yakka tartibdagi sa’y-harakatlari ushbu transmilliy tahdidga qarshi samarali kurashish uchun yetarli emas. Shu munosabat bilan Eldor Aripov O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2024-yil 4-iyunda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan "Markaziy Osiyo mamlakatlarining giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf qilish uchun yagona front bo‘lib harakat qilishga va hamkorlik o‘rnatishga tayyorligi to‘g‘risida"gi rezolyutsiyaning ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. Mutaxassis ushbu hujjat "Markaziy Osiyo mamlakatlari va sheriklarning umumiy tahdidga qarshi birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish yo’lidagi siyosiy birdamligining yorqin ramziga aylangani"ni qayd etdi.

Tadbir davomida BMT NJBning transchegaraviy tahdidlarni o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha axborot markazi rahbari Salome Flores mintaqada giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va aylanishidagi so‘nggi tendensiyalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, BMT NJBning vakili Afg‘onistondagi narkotik vaziyatni tasvirlab, opiatlar yetishtirish kamayishi bilan bir vaqtda sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarishning o‘sib borayotganini ta’kidladi. Ushbu tendensiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda, shuningdek, SMTI bosh ilmiy xodimi Ruslan Xalidov tomonidan Markaziy Osiyoda yangi turdagi psixofaol moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan qo‘shma tadqiqot dasturi loyihasi taqdim etildi.

Mutaxassis o‘z nutqida asosiy maqsadlarni belgilab o‘tdi hamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlik doirasida yangi psixofaol moddalarga qarshi kurashish bo‘yicha mavjud chora-tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Umuman olganda, muhokamalar yakunida ekspertlar narkotik moddalarni tarqatishga qarshi kurashish bo‘yicha yanada muvofiqlashtirilgan va samarali mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish muhimligini ta’kidladilar.

Shu maqsadda Markaziy Osiyoda yangi psixofaol moddalarning tarqalishi va iste’moli sohasida shakllanayotgan tendensiyalarni aniqlash sohasida qo‘shma tadqiqotlar olib borishga qiziqish bildirildi.