Shu yil 6 mart O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Xalqaro aloqalar bo'yicha Axborot-tahlil markazi hamda Taraqqiyot strategiyasi markazi xamkorlikda "O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi munosabati bilan O'zbekiston-Turkiya hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari" mavzusida o'zbek-turk davra suhbati tashkil etildi.
Shuningdek mazkur tadbirda, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti vakillari va mustaqil ekspertlar xamda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi va Turkiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (TIKA) vakillari xam ishtirok etdilar.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga rasmiy tashrifidan so‘ng erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi uzoq muddatli munosabatlarning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar, ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklikning yangi bosqichiga ko'tarilganini ta'kidladilar. Joriy yilning 19 fevralida Anqarada o'tkazilgan Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi ilk yig‘ilishi buning yaqqol ifodasidir. Ushbu organ prezidentlar hamraisligida faoliyat yurgizishi, ikki mamlakat o'rtasidagi muloqotning mutlaqo yangi formatidir.
Dunyoning etakchi davlatlaridan biri bo'lgan Turkiya Respublikasi bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish shiddat bilan yangilanayotgan O'zbekistonning tashqi siyosatiga to'liq mos keladi. Ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish orqali savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarimiz yanada rivojlantirilmoqda, shu bilan birga mamlakatlarimiz o'rtasidagi transport-kommunikatsiya soxasidagi hamkorlik tobora mustaxkamlanib bormoqda.
O'zbekiston-Turkiya hamkorligi yangi yuqori pog'onaga ko'tarilganini hisobga olib, Turkiya Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Budjet va investitsiyalar boshqarmasi tarkibida O'zbekiston bilan hamkorlik bo'limi ochilgani tadbir ishtirokchilari tomonidan, rasmiy Anqaraning ikki tomonlama xamkorlikni rivojlantirishga katta turtkisi sifatida baxolandi.
Ishtirokchilar ikki mamlakat ishbilarmonlari munosabatlarini rivojlantirishda katta imkoniyatlarga ega ekanligini ta'kidladilar. Turkiyaning yuqori sarmoyaviy salohiyati va uning O'zbekiston bozorida o'z mavqeini oshirishga qiziqishi mamlakatlar o'rtasida investitsiviy hamkorligini yanada rivojlantirish uchun asos bo'lib xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, aytib o‘tish lozimki Turkiya 2000 va 2019 yillar orasida xorijiy davlatlarga chiqargan investitsiyalari hajmi 20 baravarga oshdi va bu ko‘rsatkich 40 milliard dollarni tashkil etdi.
O'zbekiston bilan Turkiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik hajmi izchil o'sib borayotgani ramziy ma'noga ega. 2019 yilda savdo hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etdi (2018 yilga nisbatan 27% o'sish). Kelgusi yillarda uning hajmini 5 milliard dollarga etkazish rejalari qo‘yildi. Strategik hamkorlik bo'yicha kengash doirasida ushbu vazifani amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqarildi.
Mamlakatlar o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitimni imzolashga tayyorgarlikni jadallashtirish, ushbu shartnomaga kiritish uchun taklif etilayotgan tovarlar ro‘yxatini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqilmoqda va uni amalda qo‘llash tartibi bo‘yicha kelishib olinmoqda.
Uchrashuv davomida ekspertlar O'zbekiston va Turkiya xalqaro hamkorlik agentligi o'rtasidagi hamkorlikni, xususan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Xozirgi kunda TIKA jalb qilingan vazirlik va idoralar bilan birgalikda moliya, soliq tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo'yicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Kasb-hunar kollejlarida birgalikda o'qitish masalalari o'rganilmoqda.
O'zbekistonning sayyohlik soxasini keng rivojlantirish strategiyasini inobatga olgan holda, turkiyalik mutaxassislar TIKA imkoniyatlari orqali sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirishga ko'maklashish bo'yicha takliflar bilan chiqishdi.
Hozirgi kunda ushbu agentlig Urganch va Buxoroda tarixiy va me'moriy yodgorliklarni tiklash bo'yicha umumiy qiymati 3,5 million dollarlik 3 loyihani amalga oshirmoqda.
Agentlik O'zbekiston tomoni bilan ekologiya, (Orolbo'yida tegishli loyihalarni amalga oshirish) onalar va bolalar salomatligi saqlash sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yishni rejalashtirmoqda.
Biznes hamjamiyatining faoliyati sezilarli darajada faollashdi. So'ngi ikki yil ichida O'zbekistonda 750 dan ortiq turk korxonalari tashkil etildi. Xozirgi kunga qadar turk kapitali ishtirokidagi firmalar soni 1306 taga yetdi.
Ekspertlar eksportni rivojlantirish O'zbekiston iqtisodiyotini muhim bir jarayoni ekanligini ta'kidladilar. Turkiyaning qulay jug'rofiy joylashuvi uni katta tranzit nuqtasiga aylantiradi. Ekspertlarining fikriga ko'ra, Turkiya 18 milliard dollarga yaqin tovar tashish tranzit saloxiyatiga ega bo'lgan dunyoning 20 mamlakatining qatorida turadi.
Rivojlangan transport va logistika tizimi mamlakatimizdagi o'zbekistonlik eksportga tovar go‘natuvchilar uchun ulkan imkoniyatlarni ochib beradi, bu esa o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoridagi savdo-iqtisodiy faoliyatiga sezilarli ta'sir qiladi.
Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, Turkiyaning sayyohlikni rivojlantirish borasidagi katta tajribasi O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini amalga oshirishda ijobiy rol o'ynashini ta'kidladilar. "2019-2025 yillarda O'zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish kontseptsiyasiga ko'ra, yalpi ichki mahsulotda turizm ulushini 5 % (2017 yilda - 2,8%), sayyohlar oqimini 9 million kishiga etkazish rejalashtirilmoqda. (2019 yilda 6,7 million kishi).
Shu munosabat bilan Turkiya ushbu sohada ko'rilgan choralar tufayli yuqori natijalarga erishdi. Mamlakat turizm bo'yicha dunyoda etakchi o'rinni egallaydi, u eng ko'p tashrif buyuriladigan davlatlar o'ntaligiga kiradi. 2019 yilda Turkiya tarixidagi sayyohlar soni va turizmdan keladigan daromad bo'yicha rekord qayd etildi. Mamlakatga 51,8 million sayyoh tashrif buyurdi va uning daromadi 34,5 milliard dollarni tashkil etdi (2018 yilga nisbatan 17% ko'p).
To'qimachilik sanoatida turk ishlab chiqaruvchilarining ulkan yutuqlari ham ushbu sohadagi hamkorlik istiqbollik ekanini anglatadi. O‘zbekiston 2025 yilga qadar to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari eksportini 7 milliard dollargacha oshirishni rejalashtirmoqda, bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining sifatini yaxshilashni talab qiladi (2019 yilda tayyor to‘qimachilik mahsulotlarining eksporti 2 milliard dollardan oshdi).
O'z navbatida Turkiya to'qimachilik va kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda 5 – chi o'rinda turadi. Ushbu yo'nalish yalpi ichki mahsulotning 10% tashkil qiladi va mamlakatdagi ishchi kuchining 20% jalb qilingan. Shunday qilib, turk ishlab chiqaruvchilarining ushbu sohadagi tajribasi mahalliy to'qimachilik sanoatini rivojlantirish uchun juda foydali bo'lishi mumkin.
Turkiyaning qurilish sohasidagi yutuqlari tadbir ishtirokchilarini ham befarq qoldirmadi. Belgilangan maqsadlarni hisobga olgan holda, O'zbekiston rahbariyati 2030 yilga kelib mamlakatda urbanizatsiya darajasini oshirish yo'lida zamonaviy uylar, sanoat ob'ektlari qurilishi bo'yicha keng ko'lamli ishlarni amalga oshirmoqda.
O'z navbatida, Turk qurilish kompaniyalari dunyodagi 250 eng yirik nufuzli pudratchilar qatoriga kiradi. Jahon qurilish bozorining qariyb 5% turk pudratchilari hissasiga to'g'ri keladi.
Davra suhbati qatnashchilari madaniy-gumanitar hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladilar. O'zbek va turk xalqlari umumiy tarixiy va ma'naviy qadriyatlarga ega. Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Mirzo Ulug'bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Yunus Emrei va boshqalarning asarlari har ikki xalqning milliy yuksalishida muhim rol o'ynaydi. Shu o‘rinda aloxida ta’kidlab o‘tish joizki, XX asr o‘zbek jadidlari Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif Sufizoda, Said Ahrori va boshqalar o‘z vaqtida Turkiyada tahsil olishgan.
Bugungi kunda O'zbekistonda zamonaviy maktablar, ilmiy va o'quv markazlari ochilmoqda, hadis, kalom, akida, fiqh maktablari faoliyat ko'rsatmoqda. Imom Buxoriy xalqaro markazi Samarqandda va Imom Termiziy Surxondaryoda faoliyat ko‘rsatmoqda. Toshkentda Islom tsivilizatsiyasi markazi qurilmoqda.
Ma'rifatli Islomni targ'ib qilish, madaniyat, fan, ta'lim, sog'liqni saqlash va sport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish bo'yicha qo'shma tadbirlarni o'tkazish muhimligi ta'kidlandi.
Davra suhbati ishtirokchilari ikki tomonlama o'zbek-turk hamkorligining holati va rivojlanishini ekspert darajasida muhokama qilishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Bunday tahlil mamlakatlarning barcha imkoniyatlaridan foydalanish va bugungi kunda O'zbekiston va Turkiyaning qardosh xalqlarining farovonligi, tinchligi va farovon hayoti yo'lida rivojlanib borayotgan ikki mamlakat o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.