Joriy yil 5-noyabrda SMTIda Vengriyaning "Lyudovika" nomidagi milliy davlat xizmatlari universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha direktori Liliana Smix va Vengriya xalqaro munosabatlar instituti bosh maslahatchisi, katta ilmiy xodimi Laslo Vasa bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi hamkorlik va bu jarayonda ikki davlat tahliliy markazlarining rolini kuchaytirish masalalarini muhokama qilish boʻldi.
Uchrashuv ishtirokchilari 2021-yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini yuqori baholadilar. "Yaqin o'tkan yillarda Vengriyada Markaziy Osiyoga, xususan, mintaqadagi uzoq muddatli va asosiy hamkor sifatida ko‘riladigan O‘zbekistonga qiziqish ortib bormoqda”, — dedi L.Smix.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda Vengriya kompaniyalari sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, logistika, qurilish va boshqa yo‘nalishlarga faol sarmoya kiritmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston o‘z tovar va xizmatlarini Vengriya alohida o‘ringa ega bo’lgan Yevropa bozoriga eksport qilishga intilmoqda. Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil yakunlari bo‘yicha Vengriya iqtisodiyotining o‘sishi 4,6 foizni tashkil etdi, bu esa Yevropa Ittifoqidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori.
Suhbatdoshlar shu yil 6-noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tadigan TDTning oliy darajadagi sammiti arafasida Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratdilar. Mehmonlar Vengriya TDT kuzatuvchi davlati sifatida o‘zining "Sharqqa ochiqlik" strategiyasiga sodiq qolishini e’tirof etdilar, ushbu strategiyaga ko’ra turkiy davlatlar bilan sheriklikni mustahkamlash ustuvor hisoblanadi.
Muhokamalar yakunida koʻp tomonlama mintaqalararo hamkorlikning keng koʻlamli masalalari boʻyicha ikki mamlakat tahlil markazlari oʻrtasida faol muloqot va fikr almashishni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
"Lyudovika" nomidagi milliy davlat xizmatlari universiteti - Vengriyaning oliy ta’lim muassasasi va tahliliy markazi (Budapesht shahri). 2011-yilda tashkil etilgan muassasa Vengriyaning 34 ta universitetlari orasida 8-o‘rinni egallaydi.