SMTIda Budapesht Corvin universitetining Markaziy Osiyo Tadqiqotlari Markazi direktori M. Krasnay va “Visegrad guruhi” davlatlari (Vengriya, Chexiya, Slovakiya va Polsha) ning O'zbekistondagi elchilari ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi. Muhokama chog'ida respublikada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, O'zbekistonning Vengriya, Chexiya, Slovakiya va Polsha bilan munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda Vengriya, Chexiya, Slovakiya va Polsha tahliliy markazlarining "Visegrad guruhi” va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning 1991 yilldan keyingi xolati" mavzusidagi qo'shma ma'ruzasi taqdim etildi.
Yevropalik hamkorlar bugungi kunda O'zbekistonda keng ko'lamli o'zgarishlar amalga oshirilayotganini, tashqi siyosatning asosiy yo'nalishlarini tubdan o'zgartirish va mamlakat hayotining barcha sohalarini takomillashtirishga qaratilgan ichki islohotlarni amalga oshirayotganini ta'kidladi. Chegaralarni ochish va qo'shni mamlakatlar bilan aloqalarni yaxshilash orqali O'zbekiston Markaziy Osiyoda ishonch, o'zaro tushunish va o'zaro manfaatli hamkorlik muhitini shakllantirishga o'z hissasini qo'shmoqda.
Davra suhbati ishtirokchilari hamkorlikning hozirgi ko'lami va tomonlarning potentsiali va imkoniyatlariga to'g'ri kelmasligini qayd etdilar. Shu nuqtai nazardan, ikki tomonlama asosda va Markaziy Osiyo davlatlari bilan “Visegrad guruhi” o'rtasidagi munosabatlar formatida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan muloqotlarga alohida e'tibor qaratildi.
Tadbir yakunida, Markaziy Osiyo va “Visegrad guruhi” mamlakatlari orasida savdo, iqtisodiyot, qishloq xo'jaligi, zamonaviy texnologiyalar, sanoat, fan, ta'lim, madaniyat va sayyohlik kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun etarli salohiyatga ega ekanligi alohida ta'kidlandi. O'zbekistonning “Visegrad guruhi” bilan ko'p qirrali va o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga bo'lgan to'siqlarni bartaraf etish maqsadida tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi muloqotni va tomonlar ilmiy markazlarining qo'shma tadqiqot faoliyatini kuchaytirish alohida ahamiyatga egaligi ta'kidlandi.