13-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo'yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov va Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Bosh kotibi o‘rinbosari –Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
BMTning yuqori darajali vakili qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yig‘ilishida qatnashish uchun O‘zbekistonga keldi.
Tomonlar O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini atroflicha muhokama qildilar, bo‘lajak tadbir yuzasidan fikr almashdilar, SMTI va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.
Vladimir Voronkov Prezident Shavkat Mirziyoyevga BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan muntazam muloqotni qo‘llab-quvvatlayotgani va alohida e’tibori uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston keyingi yillarda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilib kelayotgani, bu boradagi fundamental universal huquqiy hujjatlarning ishtirokchisi ekani ta’kidlandi.
Tadbir qatnashchilari ilk bor o’tkazilayotgan, qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu yig’ilish Markaziy Osiyo davlatlarining birlashuvi yuqori darajaga chiqqanidan va mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda umumiy mas’uliyatni birgalikda zimmasiga olishga tayyorligidan dalolat ekanligi qayd etildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilinishi ta’kidlandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
“Yo‘l xaritasi” qo‘shma treninglar, konferensiyalar tashkil etish, shuningdek, terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashishning barcha jihatlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoniga texnik, maslahat va moliyaviy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.
Uchrashuv yakunida suhbatdoshlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini topishga qaratilgan muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.