O’zbek va turkman xalqlari qadim zammonlardan beri o'zaro do'stlik va hamjihatlikda yashab, o'z madaniyatlarini o'zaro boyitib kelmoqdalar. O'zbeklar va turkmanlarning o'ziga xos do'stlik ildizlari mavjud. Ikki qardosh xalqlar asrlar davomida bitta daryodan suv ichib keladi. O’zbeklarda shunday maqol bor “do’st kulfatda bilinadi”. O’zbek va turkman xalqlarining do’stlik munosabatlari asrlar davomida sinovdan o’tgan. Qiyin damlarda ikki mamlakat xalqi doimo bir-birini qo'llab-quvvatlab kelgan, shuningdek, turkman xalqining azob-uqubatlarini o'zbek xalqi o’ziniki sifatida qabul qilgan.
Xususan O'zbekiston birinchlardan bo’lib Turkmaniston xalqiga 1948-yil Ashxobod zilzilasining oqibatlarini bartaraf etishda yordam bergan. Ushbu voqea xronikasida qayd etilganidek, Toshkent zilzila haqidagi ma'lumotlarni birinchi bo'lib qabul qildi. O'zbekiston shifokorlari darhol Ashxobodga jo'nab ketishdi. Minglab yaradorlar va yetim bolalar O'zbekistonga ko'chirildi.
Bugungi kunda O'zbekiston va Turkmaniston yaxshi qo'shnichilik va do'stlik munosabatlarini chuqurlashtirish, strategik hamkorlik darajasini ko'tarish uchun alohida ahamiyat berishmoqda. Buning yorqin misoli sifatida Toshkentda Maxtumquli nomidagi ko'chaning tantanali ochilish marosimi va uning yuz qiyofasi bilan bezatilgan yodgorlik, shuningdek, Turkmanistonning ramzi bo'lgan "Ashxabod" bog'ining ochilishini ko’rishimiz mumkin. O'z navbatida, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Turkmanistonda yodgorlik majmui ochildi va ko'chalardan biriga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi berildi.
Ta'kidlash joizki, madaniy meros ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarda alohida o'rin tutadi. Navoiyni o’qimaydigan turkman oilasini yoki Maxtumquli ijodi bilan tanish bo’lmagan o'zbekni topish qiyin. Maxtumquli ijodiyoti O'zbekiston maktablarida va o'zbek olimlari tomonidan keng o'rganiladi.
2017-yil davomida ikki tomonlama va ko'p tomonlama doiralarda bir qator oliy darajadagi uchrashuvlar o'tkazildi. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro munosabatlar yangi sifatli bosqichiga ko’tarildi. Buning yorqin dalilini, 2017-yilning mart oyida imzolanganb “Strategik sherikchilik to'g'risidagi” Shartnomada ko'zda tutilgan quyidagi bandlarda ko’rishimiz mumkin.
Birinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda. Bunga 2017-yilning martida Ashxobodda O’zbekistan va Turkmaniston o’rtasida 2018-2020-yillarga mo’ljallangan iqtisodiy hamkorlik to’g’risidagi shartnomaning imzolanishi yangi impuls berdi. Bu hujjatning amalga oshishiga joriy yilning mart oyida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo’yicha o’zbek-turkman Hukumatlararo komissiyasining qo’shma yig’ilishi yorqin misol bo’ladi.
2017-yilda ko’rgazmalarda, yarmarkalarda va biznes forumlarda ishtirok etish uchun o’zbek va turkman ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining tashriflar almashinuvi bo’lib o’tdi. Takidlash joizki, O’zbekistonda “Artel” savdo belgisi ostida yirik maishiy texnikalar ishlab chiqaruvchi tadbirkor Turkmaniston hududida suv isitgichlarni va alyumin profillarini yig’uvchi qo’shma korxonani yo’lga qo’ydi. E’tiborli jihati shundaki, Ashxobod shahrida shu yilning mart oyi oxirida birinchi marta milliy sanoat ko’rgazmasi tashkil etildi, bunda biz turkman-o’zbek sherikchilik salohiyatining ahamiyati yaqqol namoyon etganini guvohi bo’lishimiz mumkin. Shubhasiz, 2012-yil 2-oktabrda O'zaro yetkazib berish to'g'risidagi kelishuvni amalga oshirish va yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar aylanmasiga jalb qilish o'zaro savdo hajmini yanada ko'paytirish va uning turlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Ikkinchidan, O'zbekiston va Turkmanistonning chegara hududlari o'rtasida kuchli o’zaro munosabatlar o’rnatilgan. Turkmanistonning Lebap va Dashoguz tumanlari bilan Buxoro va Xorazm viloyatlari o'rtasida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha kelishuvga erishildi. Ikki mamlakatning chegara viloyat hokimiyatlari vakolatxonalarining vakillik darajasidagi delegatsiyalarning o'zaro tashriflari natijasida bugungi kunda ular turli sohalarda qo'shma loyihalarni amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Xususan, bizning agranomlar o'zlarining turkman hamkasblari bilan birgalikda O'zbekistonda nozik tola paxtasi ishlab chiqarish usullarini va amaliyotlarini takomillashtirish ustida ish olib borishmoqda, intensiv bog' yaratishdagi, meva va sabzavotlarni qayta ishlash sohalaridagi tajriba va bilimlarni almashadilar.
Uchinchidan, transport sohasida maqsadli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakatning integratsiyalashgan transport va temir yo’llari uchinchi mamlakatlar uchun transit vazifasini bajaradi. Prezident Shavkat Mirziyoevning ta'kidlashicha, "O'zbekiston Turkmanistonning portlari orqali Kaspiy dengiziga, xalqaro transport koridorlariga chiqib ketishni maqsad qilib qo'ygan". Shu yo’nalishdagi "O'zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon" transport-tranzit koridorini qayd etish tabiiy, uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi transit yuk oqimlarini ko'paytirish va loyiha ishtirokchilarini tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali ravishda kirish imkonini beradi.
Shuningdek Amudaryoning "Turkmanobod-Forob" yo'nalishi bo'ylab transport va temir yo'l ko'prigi qurish bo'yicha yirik loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.Ushbu ob'ektlarni qurish Turkmaniston orqali Janubiy va Markaziy Evropa, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tovarlarni tashish hajmini ko'paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
To'rtinchidan, neft-gaz sohasida keng ko'lamli loyihalarni amalga oshirishda o'zaro hamkorlik kengaymoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta'kidlaganidek, "Bu O'zbekiston va Turkmaniston uchun yangi faoliyat sohasi. Bu erda qo'lga kiritilgan umumiy tajriba bizning neft ishlab chiqaruvchilarimiz uchun kelajakda yanada kengroq mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish imkonini beradi ". Bu doirada quvvati yiliga 25 milliard kubometrgacha bo’lgan Turkmaniston-O'zbekiston-Qozog'iston-Xitoy gaz quvurini ko’rishimiz mumkin.
Shu bilan birga, bugungi kunda O'zbekiston va Turkmaniston Kaspiy dengizi sohillarida uglevodorod konlarini birgalikda rivojlantirish to'g'risida kelishib oldilar. Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O'zbekistonning bunday yirik qo'shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishini mamnuniyat bilan qabul qildi.
Beshinchidan, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik chuqurlashmoqda. So'nggi ikki yil ichida ikki mamlakat poytaxtlarida "O'zbekiston madaniyati kunlari" va "Turkmaniston madaniyati kunlari" bo'lib o'tdi. Shu bilan birga ikki davlatlar o’rtasida madaniy-gumanitar sohada 2017-2019 yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi izolandi.
Ikki mamlakat hududida istiqomat qilayotgan o'zbek va turkman diasporalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga harakat qilinmoqda. O'zbekistonda 190 mingga yaqin turkman fuqarolari yashaydi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab turkmanlarning urf-odatlarini, tilini va madaniyatini saqlab qolish maqsadida mamlakatimizda Turkman madaniyat markazi tashkil etildi. 2017-yilda Nukus davlat pedagogika institutiga Ajiniyoz nomi berildi va boshlang'ich sinflarga turkman tilidan dars berish uchun o'qituvchilar tayyorlash fakulteti ochildi.
Umuman olganda, O'zbekiston-Turkmaniston munosabatlari keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish va sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish uchun eng maqbul davrda . Shubhasiz, Turkmaniston Prezidentining O'zbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz o'rtasida ko'p qirrali va o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bosh ilmiy xodim
Shohimardonova Nigora
O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti