Koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro miqyosdagi jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Shunga qaramay, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ikki mamlakatning strategik manfaatlariga uyg‘un ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.
Binobarin, 2020 yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari, Moliya vaziri Taro Aso ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida qishloq xo‘jaligi, kimyo va energetika sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash va pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish doirasida Yaponiya hukumatining O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak berishi masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, investitsion loyihalar doirasidagi keyingi qadamlarni amalga oshirish uchun Yaponiya moliyaviy institutlaridan qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Pandemiyaning global iqtisodiyotga salbiy ta’siriga qaramay,Tokio jahonda investitsion gigant sifatida yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Birgina 2020 yilning aprel oyida Yaponiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari 146,5 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, mart oyida esa bu ko‘rsatkich 132 milliard dollarni tashkil etdi. Yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha Yaponiya dunyoda uchinchi (4,9 trillion AQSh dollari), savdo hajmi bo‘yicha esa to‘rtinchi o‘rinni egallab, yillik import hajmi 700 milliard dollardan oshadi.
2019 yildan boshlab O‘zbekiston Yaponiyaga mayiz, quritilgan o‘rik va olxo‘ri kabi bir qator quruq meva mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Yaponiya hukumati tarafidan mamlakatga kirib kelayotgan import mahsulotlar xavfsizligi va sifati uchun yuqori standartlarni o‘rnatilganligini hisobga olsak, import ro‘yxatida O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar ham mavjudligi muhim yutuqdir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar o‘zbekistonlik eksportchilar mahsulotning ta’minoti va sifati barqarorligini ta’minlashga qodir bo‘lsa, yapon iste’molchilarining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabi yanada ortadi.
O‘z navbatida, Jahon banki va «Doing Business» xalqaro moliya korporatsiyasining yillik hisobоtida O‘zbekiston reytingining 166-o‘rindan 76-o‘ringa ko‘tarilishi Yaponiya ishbilarmon doiralari uchun ijobiy signaldir. Shu bilan birga, Xalqaro moliya korporatsiyasining bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston biznesni yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘nta islohotchi davlatlar qatoriga kirdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston hududida Yaponiya sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan o‘nlab korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, 15 ta yapon kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya qo‘mitasining faoliyati ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. YoGMEK, Mitsubishi, Itochu, Sumitomo, Marubeni, Isuzu va boshqa yetakchi yapon kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z faoliyatini olib borayotgani bunga yaqqol misoldir.
Yaponiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarni yuqori baholaydilar. Valyuta va soliq tizimini liberallashtirish, viza tartibini soddalashtirish kabi ko‘plab islohotlar O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratganini ta’kidlamoqdalar. Hamkorlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga birinchi rasmiy tashrifi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilganini va Yaponiya biznesining, shu jumladan, kichik va o‘rta biznesning mamlakatda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishiga turtki bo‘lganligini ta’kidlamoqdalar.
2019 yilda Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, infratuzilma, ekologiya, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy qiymati 6,5 milliard dollarlik shartnomalar tuzilgani ham shundan dalolat beradi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kelajakda O‘zbekiston rahbariyatining investitsiya muhitini yaxshilash, mamlakatda biznes yuritishning barqaror qoidalarini shakllantirish va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali yapon ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishi ortadi.
Eng ilg‘or ilmiy va texnologik yechimlarga asoslangan Yaponiyaning qudratli sanoat potensiali ushbu davlatni O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishi va texnologik modernizatsiyasida ijobiy rol o‘ynashga qodir muhim sherikka aylantiradi.
Ayniqsa, ushbu sohada hamkorlik mexanizmlari mavjud bo‘lib, tomonlar o‘zaro hamkorlikning ijobiy tajribasiga egaligi e’tiborga loyiqdir. Jumladan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda Toshkent davlat texnologiya universitetida O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi tashkil etildi. Markaz kimyo va neft, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, energiya, energiyani tejash, mashinasozlik kabi sohalarda ilmiy izlanishlarga ixtisoslashtirilgan.
Shu o‘rinda Toshkentda yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida shartnoma imzolanishi ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tish kerak. Ushbu tuzilmalar mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim sohalarini texnologik rivojlanishini ta’minlash, yosh va istiqbolli kadrlar tayyorlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ilm-fan va texnologiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning samarasiga yana bir misol – Yaponiyaning nufuzli «SATREPS-2020» tanlovida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va professor Kristina Toderich (Tottori universiteti, Yaponiya) ko‘magida taqdim etilgan loyihaning grantga sazovor bo‘lganligidir. 2020 yil iyun oyida ushbu loyiha Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi tomonidan tanlangan 10 ta xalqaro loyihalar ichida eng yaxshisi deb topildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaz Yaponiyaning 8 universitetining yetakchi olimlari bilan birgalikda «Orolbo‘yida sho‘rlanish bilan kurashish, yer unumdorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha yangi texnologiyalarini ishlab chiqish» loyihasini taqdim etdi.
Yaponiya O‘zbekistonni geografik joylashuvi va iqtisodiy salohiyati jihatidan Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkor sifatida ko‘radi. Yaponiyaning mintaqaga ajratgan umumiy yordamining qariyb 57 foizi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgani buning yaqqol dalilidir.
Masalan, 1993 yildan 2019 yilgacha JICA dasturlari doirasida 2,52 milliard dollar miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. Shuningdek, 329 talaba Yaponiya universitetlarida magistratura va doktoranturani o‘qitish uchun Yaponiya hukumati grantlariga sazovor bo‘ldi, 2416 nafar o‘zbek mutaxassislari Yaponiyada amaliyot o‘tab qaytishdi. Yaponidan 335 ko‘ngilli mutaxassislar O‘zbekistonga yapon tili, kompyuter texnologiyalari, biznesni boshqarish, iqtisodiyot, huquq, sog‘liqni saqlash, sport, turizm sohalari bo‘yicha ta’lim berish uchun yuborilgan.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) orqali umumiy qiymati 1,9 milliard dollarga teng 7 loyiha amalga oshirildi, 721 million dollar miqdoridagi tijorat kreditlari ajratilgan. Shu jumladan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini qurish uchun (622,2 million dollar), Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (59 million), Ko‘kdumalak konidagi kompressor stansiyasi (76 million), Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini rekonstruksiya qilish (83 million) uchun uzoq muddatli kreditlar ajratildi.
Shu o‘rinda, ko‘plab loyihalarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi ham e’tiborga loyiqdir. Ushbu loyihalarning samarasi fuqarolarning turmush darajasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaxshilashga xizmat qiladi. Koronavirus pandemiyasi keng tarqalganiga tufayli, Yaponiya mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga yordam bermoqda.
17 iyun kuni Yaponiya iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish loyihasi doirasida O‘zbekistonga 4,6 million dollarlik kompyuter tomografiyasi va tibbiy skanerlarini sovg‘a qildi. Tibbiy konteynerlar mobil klinika sifatida koronavirusga tashxis qo‘yish va davolash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar bilan jihozlangan. Yaponiya tomonining ushbu qadami COVID-19 pandemiyasi davrida O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bundan bir necha oy avval, Yaponiya tomoni test to‘plamlari va antiviral preparatlar shaklida insonparvarlik yordamini ham taqdim etgan edi.
Joriy yilning may oyida Tokio O‘zbekistondagi COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha BMTTD faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,9 million dollar ajratdi. Shubhasiz, ushbu loyiha O‘zbekistonda COVID-19 ta’sirini yumshatish, shuningdek barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida olib borilayotgan ishlarni amaldagi ijobiy ta’sirini oshiradi.
Yaponiya bilan moliyaviy va texnik hamkorlik tufayli mamlakatimizda ta’lim, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda bir qator ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi chog‘ida imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Yaponiya turizm agentligi o‘rtasida 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum» doirasida sayyohlik sohasi jadal rivojlanayotganini ta’kidlash mumkin.
«H.I.S. Holdings» kompaniyasining Toshkent va Samarqandda yapon uslubidagi mehmonxonalarni qurish va Yaponiyadan sayyohlarni jalb qilish uchun o‘z vakolatxonasini ochish bo‘yicha qarori Yaponiya aholisining mamlakatimiz sayyohlik merosiga katta qiziqish bildirayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, pandemiya sharoitida turizm sohasini tiklash uchun mahalliy tadbirkorlar zamonaviy yapon texnologiyalari, sanitariya-epidemiya standartlari va xavfsiz turizmni ta’minlash usullarini joriy etishlari mumkin. Masalan, joriy yilning iyul oyida Yaponiyaning «Global Agents» kompaniyasi barcha mehmonxonalarida kontaktsiz mehmonlarni xizmat ko‘rsatishni tizimini joriy qildi. Tozalash xonalarida yangi texnologiyalarni qo‘llash bilan bir qatorda, kompaniya yangi ilovalar yordamida xodimlar va mehmonlar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlab qolgan xolda xizmat ko‘rsatib kelyapti.
Kunchiqar mamlakatning ulkan moliyaviy sarmoyaviy va ilmiy-texnik salohiyati uni 2017-2021 yillarda O‘zbekistonning Harakatlar strategiyasi dasturlarini amalga oshirishda va mamlakatni keyingi rivojlanishida muhim sheriklardan biriga aylantiradi.
Shu munosabat bilan aytish mumkinki, Yaponiya O‘zbekiston uchun strategik va ishonchli sherik bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Yaponiya davlatimizning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini tubdan isloh qilish va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlab keladi.
Umuman olganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar savdo-iqtisodiy, investitsion, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli va progressiv hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam va qulay zamin yaratadi. Ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish O‘zbekiston va Yaponiyaning milliy manfaatlariga javob beradigan siyosatdir.
Abror Madimarov,
Madina Aripova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimlari