Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish - O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan sohalarga investitsiyalarni jalb qilish esa ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.
Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi katta vitse-prezidenti Faben Demol “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga bergan intervyuda O‘zbekistonda quyosh energiyasini o‘zlashtirish sohasidagi xalqaro investitsiyaviy loyihani amalga oshirish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
- “Total Eren” - qayta tiklanadigan energiya va barqaror rivojlanishga ixtisoslashgan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchisidir, - deydi u. - Kompaniyamiz dunyo bo‘ylab ishlab turgan yoki bunyod etilayotgan umumiy quvvati 28 gigavatt bo‘lgan 100 dan ortiq quyosh, shamol va gidroelektrostansiyaga egalik qiladi.
O‘zbekistonda elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha 25 yillik bitim va Samarqand viloyatining Tutli qishlog‘ida 100 megavatt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasini ishlab chiqish, qurish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida bitim imzolangandan so‘ng 2019 yil sentyabr oyida mazkur loyihani amalga oshirishni boshladik.
Bizning loyiha O‘zbekistondagi qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi dastlabki yirik loyiha va mamlakatning quyosh energiyasi sohasidagi birinchi xalqaro loyihalaridan bo‘lib, 150 mingdan ortiq kishini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Biz stansiya qurilishini 2020 yil oxirida boshlashni va 2021 yil oxirida esa uni to‘liq ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz.
O‘zbekiston rahbariyatining O‘zbekiston bozoriga kirish va mamlakatga sarmoya jalb qilish imkoniyatini taqdim qilganini yuqori qadrlaymiz. Qo‘llab-quvvatlash va professionallik muzokaralarimizni boshlash uchun ajoyib zamin yaratdi va mamlakatda birinchi quyosh energiyasi loyihasini amalga oshirishga yo‘l ochdi. Loyiha taxminan 110 million dollar miqdoridagi sarmoyani o‘z ichiga olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 13 may kuni imzolangan farmon mamlakatning bizning kompaniyamiz kabi xorijiy investorlarga yordam berishga sodiqligini yana bir bor ifoda etdi. Shuningdek, bu mamlakat rahbariyatining O‘zbekiston fuqarolari manfaatlari uchun past uglerodli, yuqori darajada qayta tiklanadigan iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi majburiyatini tasdiqlamoqda.
“Total Eren” kompaniyasi nomidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda milliy elektr tarmoqlariga samarali hamkorlik va sarmoya kiritish uchun yaratilgan qulay sharoit uchu minnatdorlik bildiramiz.
Biz mazkur loyiha doirasida davlat tashkilotlari va xususiy sheriklar bilan qayta tiklanadigan, raqobatbardosh va uglerod emissiyasi past bo‘lgan energiya yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilishdan umidvormiz.