Hindiston nuqtai nazari: O‘zbekiston tashqi siyosati iqtisodiy modernizatsiya, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash muammolarini hal etishga, mintaqada hamkorlik uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan

Hindistonda ingliz tilida nashr etiladigan “Political Events» jurnalida «O‘zbekiston Prezidenti: iqtisodiyotni modernizatsiya qilish uchun xorijiy davlatlar bilan strategik sheriklikka urg‘u» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekistonning tashqi siyosati dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlari bilan strategik sheriklik va hamkorlikning muvozanatli tizimi ekani taʼkidlangan. Ushbu yondashuv iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, Markaziy Osiyoda hamkorlik uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha vazifalarni samarali hal etish uchun mo‘ljallangani bildiriladi. Prezident chet el tajribasidan foydalangan holda ilm-fanni rivojlantirishga, xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga katta eʼtibor qaratayotgani qayd etiladi.

Bundan tashqari, muallif O‘zbekistonning AQSH bilan strategik sheriklik hamkorlik darajasi tenglik, o‘zaro hurmat, ishonch va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotgani sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini maʼlum qiladi.

Muallif taʼkidlaganidek, O‘zbekistonning Misr, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, O‘mon, Bahrayn, Iordaniya, Jazoir va boshqa Yaqin Sharq mamlakatlari bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Yaqin Sharq davlatlari bilan o‘zaro manfaatli va har tomonlama aloqalarni rivojlantirish, uni mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

«O‘zbekiston xalqaro salohiyatdan foydalanib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan do‘stona aloqalarni va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda», deb yoziladi jurnaldagi maqolada.

Muallif O‘zbekiston Markaziy Osiyoda asosiy davlat ekani va alohida o‘rin tutishini taʼkidlaydi. Mamlakatning mintaqadagi ahamiyati xorijiy ekspert va siyosiy doiralar tomonidan ham tan olingan. Toshkent mintaqaning barcha qo‘shni davlatlari bilan strategik sheriklik to‘g‘risida shartnomalar imzoladi, bu esa mintaqaviy siyosatni yuqori darajada olib borishga imkon beradi. Shu maqsadda olib borilayotgan ishlar mamlakatimizning xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni va rolini kuchaytirishda ham muhimdir.

Maqolada qayd etilishicha, rasmiy Toshkent hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish orqali biror yo‘nalishda yetakchilikni qo‘lga kiritishni daʼvo qilmaydi, aksincha O‘zbekiston tashabbuslari barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga oladi va konsensus tamoyilga asoslanadi.

«Political Events» jurnalida chop etilgan maqola oxirida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi yaqin hamkorlikni, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Manba