Pokiston ommaviy axborot vositalari: Islomobod va Toshkent muzokaralar orqali Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda muhim ovozga ega

 

«National Herald Tribune», «Daily Islamabad Post» va «Daily Business World», “Centreline” axborot agentliklari veb-saytlari, shuningdek, Pokiston global va strategik tadqiqotlar tahlil markazining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «O‘zbekiston-Pokiston va Afg‘onistonda  tinchlik» ( Uzbekistan-Pakistan and Peace in Afghanistan) sarlavhali maqola nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Maqola muallifi xalqaro munosabatlar doktori Mahmud ul-Hasan Xon, o‘z materialida O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Maqolada qayd etilishicha, Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatilishi keng xalqaro ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni va savdo faoliyatini yana-da yaxshilaydi. Mintaqa mamlakatlari, xususan, Pokiston va O‘zbekiston Afg‘onistonga muzokaralar, diplomatiya, muloqot va iqtisodiy rivojlanish orqali tinchlik o‘rnatishda muhim rol o‘ynaydi.

«Darhaqiqat, Toshkentning Afg‘onistondagi siyosati avval boshdan Kobul bilan «jadal iqtisodiy hamkorlik», transport va logistika loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, mamlakatning taʼlim dasturlarini kengaytirish orqali afg‘on fuqarolari qalbini zabt etadigan yechim topishga asoslangan edi», deyiladi maqolada.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston muammosini hal qilishga innovatsion yondashuvi Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish strategiyasini ilgari surishga yordam beradi. Toshkent yirik xalqaro manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qiladi va iqtisodiyot, logistika, taʼlim sohalarida turli loyihalarni taklif qiladi. Hatto, Afg‘oniston hukumati bilan Tolibon harakati o‘rtasida muzokaralar tashkil etish istiqbollarini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekistonning ushbu sohadagi noyob yutuqlaridan biri infratuzilma, energetika va savdo-sotiqni rivojlantirishga qaratilgan Afg‘oniston bilan iqtisodiy hamkorlikning mavjudligidir. O‘zbekiston Afg‘onistonga gumanitar yordamni yetkazib berish uchun Termiz shahrida bojxona punktini ochdi. Mozori Sharif – Kobul uchastkasida mamlakatning Shimoli bilan Janubi o‘rtasida uzluksiz aloqani taʼminlash uchun 11 ta ko‘prik qurdi. Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘li Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida qurilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Transafg‘on transport yo‘lagi loyihasi doirasida Mozori Sharif – Hirot temir yo‘lini qurishga katta qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, Toshkent Afg‘onistonga elektr energiyasining yetakchi yetkazib beruvchisiga aylandi. 2009 yilda G‘uzor – Surxon elektr uzatish liniyasi ishga tushirildi, buning natijasida elektr yetkazib berish hajmi  300 MVtgacha  ortdi.

Natijada, 2016 yilga kelib, Afg‘onistonga 1,5 milliard kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

Bundan tashqari, muallif 2018 yil mart oyida O‘zbekiston Afg‘oniston bo‘yicha yirik xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazganiga alohida eʼtibor qaratdi. Konferensiya afg‘onlararo muzokaralarni qayta boshlash uchun platforma bo‘lgan va muammolarni diplomatiya orqali hal qilishga undagan.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan taʼlim va xalq diplomatiyasi sohasidagi saʼy-harakatlari alohida eʼtiborga loyiqdir.

Xususan, Toshkent tomonidan turli taʼlim loyihalari ishlab chiqilgan. Bu orqali xalqlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatildi va natijada «Afg‘onistonda xalqaro taʼlimni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi» yaratildi. Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida afg‘on fuqarolarini o‘qitish bo‘yicha maxsus  o‘quv markazi tashkil etildi.

O‘tgan yili markazda 100 dan ortiq afg‘on talabalari qabul qilindi.

Maqola muallifining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston masalasiga alohida eʼtibor, yaqin siyosiy tushunish, ikki tomonlama savdo-sotiqning yaxshilanishi, sayyohlikning o‘sishi va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha mintaqadagi qo‘shma saʼy-harakatlar tufayli yana-da kuchaygan Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tahsinga loyiqdir.

Pokiston va O‘zbekiston yuqori darajadagi siyosiy tushunchani, mintaqada tinchlik va hamjihatlik, temir yo‘l yo‘lagini qurish, iqtisodiyotning turli sohalariga sarmoyalarni jalb qilish orqali ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik va o‘zaro bog‘liqlik maqsadlariga erishishga qatʼiy sodiqlikni namoyish etdi. Shuningdek, bu O‘zbekistonning Afg‘onistonga tinchlik o‘rnatish va muloqot orqali rivojlanish yo‘lidagi samimiy harakatlarini namoyish etdi.

Pokiston hukumati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqada va undan tashqarida barqaror tinchlik va barqarorlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikka alohida ahamiyat beradi.

Mahmud ul-Hasan Xon, Pokiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda erishilgan natijani hisobga olgan holda, tomonlar Afg‘oniston hududi orqali energetika, logistika, transport va temir yo‘l qurilishi sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni yana-da kuchaytirish orqali tinchlikka erishish, ushbu mamlakat iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash  mumkinligini taʼkidlamoqda.

Manba