Janubiy Koreyaning mashhur «The Korea Herald» gazetasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatovning «O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi yakunlarining ahamiyati mintaqa chegaralaridan ham oshib ketadi » sarlavhali maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi ahamiyatiga eʼtibor qaratar ekan, uning natijalari ikki tomonlama munosabatlar tarixida qolishini qayd etgan.
Nashrda Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa kelajagi uchun yuksak masʼuliyatni namoyon etib, umuminsoniy xavfsizlik va farovonlik uchun barcha murakkab asosiy masalalarda diplomatiyaga tayanayotgani taʼkidlangan. Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan davlatlararo munosabatlarni hurmat, yaxshi qo‘shnichilik hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan holda qurishda tanlagan yondashuv bugungi kunda o‘zini oqlamoqda, deb qayd etgan muallif.
Maqola xulosasida taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyo davlatlari bugungi kunda mintaqani nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham yaxlit, o‘zaro bog‘langan, yaxlit makon sifatida idrok etishning yangi paradigmasini birgalikda shakllantirmoqda. «Mintaqa endi barqaror rivojlanish va o‘zaro manfaatli hamkorlik maydonidir, - deb yozadi Akramjon Neʼmatov. - Bu esa Markaziy Osiyoning xalqaro subyektivligini sezilarli darajada oshiradi, uni tashqi va ichki tahdidlarga chidamli qiladi».