O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni, Yangi – 2022 yil bilan samimiy muborakbod etaman.  Shu quvonchli damlarda barchangizga tinchlik-osoyishtalik, sihat-salomatlik, baxtu saodat tilayman!

Bugun, Yangi yil ostonasida turib, o‘tayotgan yildan rozi bo‘lsak, Yaratganga har qancha shukronalar aytsak, arziydi.

"Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" hayotimizda yorqin iz qoldirmoqda. Yil davomida sizlar bilan birga ulkan ishlarni amalga oshirdik.

Pandemiya va global inqirozga qaramasdan, yurtimizda yuqori iqtisodiy o‘sish ta’minlandi. Ko‘plab korxonalar, klaster va texnoparklar, zamonaviy infratuzilma tarmoqlari barpo etildi.

Yangi-yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliygoh va shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirilmoqda.

Tadbirkorlik harakati, jumladan, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi jadal rivojlanmoqda.

Dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, bu yil ham mo‘l hosil yetishtirdilar.

Shahar va qishloqlarimiz obod bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning betakror qiyofasi shakllanmoqda.

Bilimdon va g‘ayratli yoshlarimiz katta-katta yutuqlari bilan xalqimizni yanada quvontirmoqda. Mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora yuksalmoqda. Fursatdan foydalanib, xorijiy hamkorlarimiz, chet davlatlar xalqlarini Yangi yil bilan tabriklab, ularning barchasiga tinchlik va ravnaq tilaymiz.

Aziz do‘stlar!

Yurtimizda keng ko‘lamli islohotlarimiz barqaror tus oldi.

Ularni yanada rivojlantirish maqsadida biz  Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdik.

Uning asosida "Inson qadri uchun", degan ulug‘vor g‘oyani amalga oshiramiz.

Biz yangi yilga nom berishda, keng jamoatchilikning fikrlarini o‘rgandik. Ana shu takliflardan kelib chiqib, men Yangi – 2022 yilni mamlakatimizda "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb e’lon qilishni taklif etaman.

Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan  har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir.

Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla  hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi.

Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi.

Shu bois, bundan buyon har bir mahallada samarali  ish olib borish faoliyatimizning bosh mezoniga aylanadi.

Bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

2022 yilda iqtisodiyotimiz tarmoqlari va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Aholi daromadlarini ko‘paytirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga qaratilgan muhim ishlarni davom ettiramiz.

Ijtimoiy sohalar, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslar jalb etiladi.

Muhtaram urush va mehnat faxriylarini, aziz ayollarimiz hamda yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ko‘makka muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor beramiz.

Yurtimizni yanada obod qilish, zamonaviy  uy-joylar, jumladan, barcha hududlarimizda "Yangi O‘zbekiston massivlari"ni qurish asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi.

Ishontirib aytamanki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi uchun bor kuch  va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Barchangizni Yangi – 2022 yil bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman!

Yangi yilimiz qutlug‘ va barakali kelsin!

Keksalarimizning umrini, yoshlarimizning kamolini bersin!

Dilbar ayollarimizga doimo baxtu iqbol yor bo‘lsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Manba