Hurmatli Rais Si Szinpin janoblari!
Muhtaram hamkasblar, aziz do‘stlar!
Sizlarni samimiy qutlayman hamda Xitoy Xalq Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bildirilgan tabriklarga qo‘shilaman.
Si Szinpin janoblariga uchrashuvimiz tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
O‘tgan 30 yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar jadal va barqaror tus oldi.
Hamkorligimizni yanada rivojlantirish maqsadida e’tiborni quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga qaratish muhim, deb hisoblaymiz.
Birinchi. Ipak yo‘lining Iqtisodiy makonini barpo etish borasidagi tashabbusning muhim vazifasi savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekistonning Xitoy bilan tovar ayirboshlashi 30 yilda 140 karra ko‘paydi. Xitoyning iqtisodiyotimizga investitsiyalari hajmi 2017 yildan buyon besh barobar ortdi.
Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkichlar mavjud ulkan salohiyatni to‘liq aks ettirmayapti.
Bugun Xitoy – bu nafaqat “global fabrika”, balki “global bozor” hamdir.
Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldirib turuvchi ustunliklarini hisobga olgan holda ushbu imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishdan manfaatdormiz.
Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Xitoyga to‘siqlarsiz savdoni ta’minlash va tayyor mahsulotlar yetkazib beri hajmini oshirish bo‘yicha manzilli choralar ko‘rish, Xitoy texnologiyalarini jalb qilgan holda mintaqa mamlakatlari import qilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun umumiy sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish makonini shakllantirish ko‘zda tutilgan Yangi “Xitoy – Markaziy Osiyo” iqtisodiy muloqoti qo‘shma strategiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Ikkinchi. Transport infratuzilmasi Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojining drayveridir.
“Xitoy – Markaziy Osiyo” yo‘nalishi bo‘ylab yetkazib berishda pandemiya oqibatida kelib chiqqan logistik uzilishlar mamlakatlarimizning ko‘plab tarmoqlarini zarur uskunalar va xomashyosiz qoldirdi.
Bu holat ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlari va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan yuk oqimining uzluksizligini ta’minlash va transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish uchun tizimli yechimlar ishlab chiqishni favqulodda muhim deb hisoblaymiz.
Shu bilan bir qatorda, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ro‘yobga chiqarishga joriy yildayoq kirishish muhim.
Ushbu masalalarni tezkor hal qilish maqsadida Markaziy Osiyo va Xitoy mamlakatlari hukumat rahbarlarining o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tuzishni taklif etamiz.
Uchinchi. Pandemiyadan keyingi tiklanish va to‘rtinchi sanoat inqilobiga jadal o‘tish sharoitida raqamli texnologiyalarni keng qo‘llashning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Xitoyning bu sohada to‘plangan tajribasini hisobga olib, raqamli iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish, elektron hukumat, blokcheyn va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish sohasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishni taklif etamiz.
Ushbu yo‘nalishda amaliy natijalarga erishish maqsadida mamlakatlarimiz IT parklari negizida qo‘shma “Intellektual Ipak yo‘li” platformasini yaratishni taklif qilamiz.
To‘rtinchi. Jamoat salomatligini saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashi borasida mamlakatlarimiz hamkorligini mustahkamlashni muhim deb hisoblaymiz.
Juda qisqa muddatda koronavirusga qarshi O‘zbekiston-Xitoy vaksinasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, ushbu vaksinaning o‘n yetti millionta dozasi tayyorlangani diqqatga sazovor.
Fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Si Szinpin janoblari, Xitoy Hukumati va xalqiga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda O‘zbekistonga beqiyos yordam ko‘rsatgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Farmatsevtika, ana’anaviy tibbiyot, vrachlar malakasini oshirish va soha shifoxonalari o‘rtasidagi sheriklik borasidagi hamkorligimizni kengaytirishga tayyormiz.
Umid qilamizki, tez fursatda vaksinatsiya pasportlarini o‘zaro tan olish yuzasidan kelishuvlarga erishamiz.
Beshinchi. Biz kambag‘allikni qisqartirish borasida izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishga aholi farovonligini ta’minlashning eng muhim sharti sifatida qaraymiz.
Xitoyning mutlaq kambag‘allik ustidan qozongan tarixiy g‘alabasini yuksak baholaymiz.
Xitoy tajribasini qo‘llagan holda O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bizga hatto pandemiya sharoitida yarim millondan ziyod oilalarni kam ta’minlanganlar toifasidan chiqarish imkonini berdi.
2026-yilga borib kambag‘allik darajasini ikki barobar kamaytirishni maqsad qilganmiz.
Bu maqsadga erishish uchun agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, sho‘rlangan va sho‘rxok yerlarda ekinlar yetishtirish, shahar va qishloq o‘rtasida ishlab chiqarish zanjirlarini yo‘lga qo‘yishda Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.
Oltinchi. Pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida yaqin hamkorlik masalalari o‘tkir zaruratga aylanmoqda.
Mazkur vazifa yechimiga aholining oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan tez o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha avvaldan qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish orqaligina erishish mumkin.
Shu ma’noda, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha alohida rezolyutsiya qabul qilinishi to‘g‘risidagi tashabbusni birgalikda ilgari surishni taklif etamiz.
Ushbu hujjatda oziq-ovqat tarmog‘iga investitsiyalarni ko‘paytirish va “yashil yo‘laklar” yaratgan holda o‘zaro yetkazib berishnining samarali mexanizmlarini shakllantirish masalalari hisobga olinishi muhim, deb hisoblaymiz.
Yettinchi. “Iqlim” kun tartibini va “ekologik toza rivojlanish”ni birgalikda ilgari surish hamkorligimizning dolzarb yo‘nalishidir.
2026-yilga qadar O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya generatsiyasi ulushini 25 foizga yetkazish, 2030 yilgacha esa parnik gazlarini chiqarishni 35 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqdamiz.
“Yashil Ipak yo‘li” tashabbusi doirasida muqobil energetika, quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun butlovchi qismlar va uskunalarni mahalliylashtirish, tarmoq uchun kadrlar tayyorlash sohalariga Xitoy investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilish bo‘yicha hamkorlik “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Sakkizinchi. Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga xizmat qiladi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash borasida Sizning, hurmatli Si Szinpin janoblari, tashabbusingiz rivoji sifatida kelgusi yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili” deb e’lon qilishni taklif qilamiz.
Yoshlar davlatlarimiz aholisining yarmini tashkil etishini hisobga olib, akademik va talabalar almashinuvlariga, yoshlar festivallari, forumlari va sport musobaqalarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish muhimdir.
Hurmatli hamkasblar!
Raqobat kuchayib borayotgan va jahonning turli nuqtalarida mojarolar davom etayotgan sharoitda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, shu jumladan “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasida yanada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.
Qozog‘iston xalqining donishmandligi va Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevning qat’iy harakatlari tufayli mamlakatdagi vaziyat normallashgani bizni quvontiradi.
Xavfsizlik – bo‘linmas, Qozog‘istonda tinchlik – butun mintaqamizdagi barqarorlik garovidir.
Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlashuvi va ushbu mamlakatda gumanitar inqiroz kuchayishining oldini olish ustuvor masalalarimiz qatoriga kiradi.
“Xavfsiz Ipak yo‘li” konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lida Afg‘oniston yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirishni davom ettirish muhimdir.
Biz xitoylik hamkorlar bilan birgalikda Afg‘onistonda infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishdan ham manfaatdormiz.
Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!
Hamkasblarim tomonidan bildirilgan barcha tashabbus va takliflarni, shuningdek, bugungi sammit yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonotni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ushbu hujjatda ko‘p qirrali sherikligimizni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar o‘z aksini topgan.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha ishlab chiqilgan rejani birgalikda amalga oshirishga tayyormiz.
So‘zimning yakunida bugungi uchrashuv tashkil etilgani uchun Sizga, Si Siznpin janoblari, yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman hamda Sizni va butun Xitoy xalqini yaqinlashib kelayotgan Bahor bayrami – Chunsze bilan muborakbor etaman.
Xitoylik do‘stlarimizga Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkaziligini tilaymiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Oldingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo davlatlari – Xitoy” onlayn sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan...
25.01.2022Keyingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Hindiston – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni videoanjuman shaklida o‘tadigan “Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitida ishtirok etadi.
26.01.2022