Buxoro viloyati bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilab olindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro xalqaro aeroporti binosida mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jumladan, bugungi murakkab sharoitda aholini ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, pandemiya sababli zarar ko‘rgan iqtisodiyot tarmoqlarini tiklash masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

“Temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” tizimlarida bajarilayotgan ishlar muhokama qilindi.

– Bugun hududlarimizda yoshlar va ayollar muammolarini chuqur tahlil qilish va samarali hal etish kun tartibidagi eng asosiy masalalardan biri bo‘lib qolyapti. Maqsadimiz – inson  qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, – dedi davlatimiz rahbari.

Pandemiya davrida Buxoro viloyatiga xorijdan qaytib kelgan 8 ming fuqarodan 7 ming nafari ish bilan ta’minlandi. Bandlik masalasi izchillik bilan hal etib borilishi yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda investitsion loyihalar va eksport masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, joriy yilda Buxoro viloyati bo‘yicha 571ta shunday loyiha amalga oshirilish, bu bilan 14 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Yil yakuni bo‘yicha eksport hajmi 184 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Mamlakatimizning har bir hududi kabi Buxoro zamini ham ulkan qurilish maydoniga aylangan. Birgina viloyat markazining o‘zida 700 ta ob’ekt barpo etilmoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, asosiy maqsad – Buxoroda boshlangan keng miqyosli islohotlarni jadal davom ettirish.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida mutasaddilarning hisobotlari eshitildi, ularni o‘z vaqtida va samarali bajarish borasida qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishdan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.

Manba