Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi “Real Teks Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Qiymati 50 million dollar bo‘lgan mazkur korxona shu yil may oyida ishga tushirilgan. Zamonaviy uskunalar o‘rnatilib, ip-kalava, mato va tayyor to‘qimachilik tovarlari ishlab chiqarish, bo‘yash va gul bosish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida 390 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 19 million dollarlik eksport qilingan.
Korxona yiliga 22 ming tonna ip-kalava, qariyb 6 million pogon metr mato tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda 1 ming 800 kishi ish bilan ta’minlangan.
Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga qayta ishlashning keyingi bosqichlarini o‘zlashtirib, mahsulot turlarini va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu yerda Toshkent shahri va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish bo‘ldi. Yig‘ilishda yangi tizim asosida mahallalarda tuman hokimi yordamchisi hamda Toshkent shahar hokimining yordamchisi - yoshlar yetakchisi lavozimlarini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
- Dunyoda bunday tajriba ham, kitob ham yo‘q. Buning uchun avvalo fidoyi bo‘lish, xalqni sevish kerak. Bu ikki lavozimda ishlaydiganlar mahallada islohotlar poydevori bo‘ladi.
Ular tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiradi. Bu juda katta mas’uliyat va sharaf, - dedi Prezident.
Shayxontohur tumani bo‘yicha yangi tayinlangan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari so‘zga chiqib, mahallalardagi muammolarni, ularni hal etish borasidagi takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari ularni qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Oldingisi
Prezident mahallalardagi sharoitni ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Sarxumdon mahallasiga bordi.
23.11.2021Keyingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosarini qabul qildi
24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Valini qabul qildi.
24.11.2021