Prezident mahallalardagi sharoitni ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Sarxumdon mahallasiga bordi.

Vazirlik va idoralarni quyi bo‘g‘inga tushirib, joylardagi muammolarni hal etish, barcha dasturlarni mahallabay amalga oshirish – davlatimiz rahbarining eng asosiy talabi.

Sarxumdon mahallasida ham ish shunday tashkil etilgan. Ichki yo‘llar, maydonchalar obod qilingan. Yaqinda bu yerda yangi Mahalla guzari qurildi. Savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar o‘yingohi, harbiy vatanparvarlik maydonchasi tashkil etildi.

Mahallada 6 ming 500 nafardan ortiq aholi yashaydi. Bu yerda 45 ta ko‘p qavatli uy, maktabgacha ta’lim muassasasi va xususiy maktab bor. O‘ndan ortiq kichik biznes korxonasida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.

Prezidentimiz mahalladagi sharoitlarni ko‘rdi. Harbiy vatanparvarlik maydonchasi bilan tanishuv chog‘ida bu yerga askar va sportchilarni jalb etib, yoshlarni milliy g‘urur va mardlik ruhida tarbiyalash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Mahallada "Yashil makon" loyihasi doirasida ko‘chatlar ekilib, mo‘’jaz bog‘ barpo etilgan. Shavkat Mirziyoyev mahalla oqsoqollari bilan birga ushbu boqqa ko‘chatlar o‘tqazdi. Nuroniylar yurtimizga hamisha tinchlik, xalqimiz farovonlik tilab duo qildi.

Davlatimiz rahbari kutilmaganda Gulobod mahallasiga ham o‘tib, mavjud holatni ko‘zdan kechirdi, odamlar bilan suhbatlashdi.
93 yoshli Anvarxo‘ja ota Prezidentimizni duo qildi. Mahalladagi o‘zgarishlarni ta’kidlab, otalar choyxonasi qurib berishni so‘radi. Shavkat Mirziyoyev bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, otaxonga mustahkam sog‘lik tiladi.

Gulobod mahallasida Shayxontohur tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda 41-umumta’lim maktabi joylashgan. Prezidentimiz mazkur maktablarni ham kirib ko‘rdi, o‘qituvchilar bilan gaplashdi.

- Ko‘rayapsizlar, ta’lim bilan muallimga sharoit yaratishga harakat qilayapmiz. Bugun bu yerga kelib, o‘zimga ko‘p xulosa qildim. Bu maktab binosini ham yangilaymiz. Fanlar uchun, sport uchun yaxshi sharoitlar bo‘ladi. Bugun bir tarixiy kun bo‘lib qoladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mahallalar aholisi bilan muloqot qildi.


Manba