Davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, 2018-yil 1-apreldan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, yangi konsepsiya asosida ishlashni boshlagan edi. O‘tgan vaqt mobaynida agentlik tizimi takomillashib, xizmat qamrovi kengayib bordi.

Xususan, endi ish boshlangan paytda xizmat turlari 37 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ular 157 taga yetgan. Aholiga kuniga o‘rtacha 57 mingtadan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Buning uchun 117 ta qonun hujjatlari ishlab chiqilib, soha isloh qilindi. 70 dan ziyod davlat xizmati soddalashtirildi. Talab etiladigan hujjatlar soni 221 tadan 95 taga, xizmat ko‘rsatishning umumiy muddati qariyb 500 kundan 271 kunga qisqartirildi. Bularning barchasi aholiga katta qulaylik yaratmoqda.

Hududlarda davlat xizmatlari markazlari uchun 145 ta yangi bino va 115 ta filial barpo etildi. Fuqarolik holati dalolatnomalari arxividagi 60 million dona qog‘oz shaklidagi ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirildi.

Shu bilan birga, xizmatlar qamrovi va tezkorligini oshirish uchun hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham bor. Masalan, zarur ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirilmaganligi sababli atigi 11 foiz xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatilmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali 30 turdagi xizmat ko‘rsatish mumkin, xolos. Undan atigi 11 tasi interaktiv xizmatlar. Elektron identifikatsiya tizimi hamda elektron raqamli imzo bilan ishlash rivojlanmagan.

Taqdimotda shu kabi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlantirish, aholiga qulayliklarni oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Xorijiy tajriba asosida, shu yil yakunigacha davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 200 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Barcha 716 ta davlat xizmatini inventarizatsiya qilib, ularning muddatlari, to‘lov miqdorlari, shartlari va boshqa talablarini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Davlat idoralarining xalqimizga xizmati odamlarni rozi qilishning asoslaridan biri. Qaysi qishloqda, mahallada qaysi xizmatga ehtiyoj borligiga qarab, shunga sharoit yaratish kerak. Qaysi xizmatlarni arzonlashtirish, qaysilarini bepul qilish masalasini tahlil etib, aholiga yengillik va qulaylik yaratish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Idoralararo integratsiya darajasini oshirish, buning uchun davlat xizmatlari uchun to‘lovlarning 20 foizini tashkilotlarning axborot texnologiyalari tizimini rivojlantirishga yo‘naltirish, qog‘oz shaklidagi arxiv hujjatlarini raqamlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

 Elektron raqamli imzo bilan ishlash tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari portalining mobil ilovasini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘lovlarda chegirma berish choralari belgilandi.


Manba