Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-oktabr kuni kuz-qish mavsumida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Ma’lumki, joriy yil 23-sentabrda bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan. Har bir viloyat, tuman va yo‘nalishlar kesimida alohida reja-jadvallar va chora-tadbirlar ishlab chiqilib, manbalari belgilangan.
Yig‘ilishda energetika vaziri va viloyat hokimlari shu borada bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.
Qayd etilganidek, aholini, avvalo, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun IV chorakda 21 milliard kilovatt soat, kelgusi yil boshida qariyb 22 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholiga 10 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbari bu jarayonda isrofga yo‘l qo‘ymaslik uchun gaz quduqlaridan iste’molchigacha bo‘lgan tizimni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Tabiiy gaz tarmog‘idan uzoqdagi qishloq va ovullar, ijtimoiy ob’ektlarga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib beriladi. Prezidentimiz qaysi hududga yana qo‘shimcha zaxira kerak bo‘lsa, ta’minlab berilishini ta’kidladi.
– Barcha tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada mas’uliyatini ikki karra oshirib, aholini rozi qilishi, hech bir murojaatni e’tiborsiz qoldirmasdan, tezkor hal etishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Energetika vazirligiga aholining energiya manbalari bilan ta’minlanganlik holatini real vaqt tartibida muntazam nazorat qilib borish topshirildi. Yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishda “koll-markaz”lar va hududiy ishchi guruhlar faoliyati muhim ekani qayd etildi.
Energiya manbalarini iqtisod qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Dunyoda energetika sohasida ro‘y berayotgan muammolar mintaqamizga ham ta’sir ko‘rsatayotgani, bunday vaziyatda tejamkorlik dolzarb ekani qayd etildi. Shu bois barcha muassasalarda energiya tejovchi texnologiyalar o‘rnatish, odamlarning bu borada daxldorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, tijorat banklarining barqаrorligini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Kreditlar evaziga ishga tushirilgan loyihalarni to‘liq quvvatga olib chiqib, ularning muddati o‘tgan qarzdorligini kamaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Oldingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri, qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraisi Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
24.10.2022Keyingisi
Xitoy yetakchisi tantanali kutib olindi
15ғsentabr kuni Samarqanddagi Kongress markazida davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Xitoy Xalq Respublikasi Raisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
15.09.2022