Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan uchrashuv

Joriy yil 3-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha byurosi direktori Olga Kulayeva rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekistonda aholi bandligini ta’minlash, munosib ish joylari va mehnat sharoitlarini yaratish, barcha sohalarda majburiy mehnatning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Xalqaro mehnat tashkiloti delegatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, aholi bandligini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishlariga barham berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Bu borada olib borilayotgan amaliy sa’y-xarakatlar mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan qator xalqaro tashkilotlar, xorijiy diplomatik vakolatxonalar tomonidan ham e’tirof etilayotganligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda tomonlar bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, aholi, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlar bandligi darajasini oshirish, Aholi bandligini ta’minlash milliy strategiyasi hamda Ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy strategiya loyihalarini, shuningdek, ularni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” loyihasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Shuningdek, joriy yilning 5-fevral kuni keng xalqaro hamjamiyat va nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan “Islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda munosib mehnat” mavzusida xalqaro davra suhbatiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Manba