Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-aprel kuni ichki yo‘llarni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar ekish, davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish masalalari ijrosi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari bu uchala vazifa ham inson qadri, xalq roziligi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Haqiqatan, ichki yo‘llar ahvoli odamlarni eng ko‘p qiynaydigan muammo. Yaqinda “Tashabbusli budjet” portali orqali aholidan tushgan 20 mingta taklif yoki jami murojaatlarning 25 foizi shu masalaga oid bo‘lgani uning dolzarbligidan dalolat beradi.
Ichki yo‘llar sifatini yaxshilash bo‘yicha Andijon viloyatida yangi tajriba boshlangan. Sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etilib, 31 ta chekka mahalladagi 23 kilometr yo‘l sement-beton qoplamaga o‘tkazilgan.
Asfalt o‘rniga sementdan foydalanish orqali qurilishdan 600 million so‘m iqtisod qilingan, 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablag‘ tejalgan. Eng asosiysi, ushbu klaster o‘zi qurgan yo‘llarni 10 yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan.
Ushbu tajriba asosida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 2 ming 300 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llar barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar to‘liq qoplanadi.
Yo‘l klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun, 1-maydan boshlab yil yakuniga qadar, sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari importi bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, joriy yilda tuman markazlari va shaharlarda 670 kilometr piyoda va velosiped yo‘laklari barpo etish rejalashtirilgan. Ularni ham sement-betondan qurish, loyihalashda drenaj tizimiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lumki, 2-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hozirgi bahor mavsumida 125 million tup ko‘chat ekish reja qiligan edi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda hokimliklar shu paytgacha bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.
Har bir mahalla, ta’lim muassasalari, ariqlar va yo‘l bo‘ylariga daraxt ko‘chatlari hamda terak qalamchalari ekilishi aytildi. 5 yoshdan kam bo‘lmagan mevali va manzarali daraxtlarni bir tekisda o‘stirish bo‘yicha Toshkent shahrida boshlangan tajribani boshqa shaharlarda ham joriy qilish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi sug‘orish tizimi va quduq qazish ishlari sifati ham ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala – davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish va ko‘lamini kengaytirishga qaratildi. Aholiga qulaylikni oshirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar belgilandi.
Xususan, shu yil 1-iyuldan boshlab 38 turdagi davlat xizmatlari uchun elektron imzo bilan tasdiqlash talabi bekor qilinib, mobil telefon orqali amalga oshiriladi. 6 turdagi litsenziya olish uchun talablar bekor qilinadi. Aholi va tadbirkorlar uchun 8 dan ortiq davlat xizmati bo‘yicha elektron xabardor qilish tizimi joriy etiladi. Aholi va tadbirkorlardan kommunal tashkilotlarning 32 turdagi hujjat va ma’lumotnomalarini talab qilish bekor qilinadi. Ehtiyojmand oilalar farzandlari oliy o‘quv yurtlariga test sinovlarida ishtirok etish to‘lovlaridan ozod etiladi.
Umuman, kelgusi yil yakuniga qadar markazlar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni hozirgi 172 tadan 300 taga, mobil ilova orqali 60 tadan 250 taga yetkazilishi belgilandi.
Hududlarda davlat xizmatlari markazlari qurish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Keyingisi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
08.04.2022