O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari muqaddas Ramazon oyi boshlangani bilan bir-birini samimiy tabriklab, birodar O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishining borishi batafsil muhokama qilindi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surishga, shu jumladan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatini boshlash, Qambarota 1-gidroelektr stansiyasi va “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar sohadagi sermahsul almashinuvlar va qo‘shma dasturlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qabul qilingan qarorlarni so‘zsiz bajarish maqsadida hukumatlar darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini ko‘rib chiqdilar. Mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tdi.
Oldingisi
Inson qadriga qaratilgan masalalar ijrosi ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-aprel kuni ichki yo‘llarni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar ekish, davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish masalalari ijrosi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
08.04.2022Keyingisi
Islom sivilizatsiyasi markazi - xalqimizning ma’naviy qudrati timsoli
2018-yil 15-iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi.
08.04.2022