Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-mart kuni iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, raqobat muhitini yaxshilash maqsadida davlat korxonalari transformatsiya qilinmoqda. Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish va davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, 25 ta davlat korxonasida operatsion samaradorlikni oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgi zamon talabiga javob bermaydigan, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechish kerakligi aytildi.
Transport sohasidagi ishlar holati ham ko‘rib chiqildi. Tranzit yo‘lovchilar oqimini oshirish, charter parvozlarga ruxsat berish tizimini soddalashtirish, mahalliy aeroportlarni mintaqaviy tranzit xabiga aylantirish choralari belgilandi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi erkin raqobat sharoitida ishlash uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy qilishi, aviachiptalar narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda iqtisodiyotda joriy yilning birinchi choragi yakunida kutilayotgan natijalar tahlil qilindi. Yangi korxonalarni foydalanishga topshirib, ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hokimlar va tarmoq rahbarlariga iqtisodiy asoslanmagan loyihalarning ilgari surilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Mutasaddi idoralarga ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish, investitsiya loyihalarining bozor iqtisodiyoti talabiga javob berishini o‘rganish vazifasi qo‘yildi.
Eksport masalalari muhokama qilinar ekan, tashqi bozordagi bugungi vaziyatdan kelib chiqib, transport va logistika masalalarini hal etish, eksport geografiyasini kengaytirish, mahsulotlarni yangi bozorlarga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Viloyat hokimlari oziq-ovqat xavfsizligini va bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ijrosi to‘g‘risida axborot berdi.
Jumladan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi eksport yo‘nalishlarini ochish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan viloyat hokimlarining hisoboti eshitildi.
Oldingisi
O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-mart kuni Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi.
14.03.2022Keyingisi
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar
15-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va saylangan Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotlari bo‘lib o‘tdi.
15.03.2022