Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bugungi kunda 15 mingta ijtimoiy soha obyektida isitish tizimlari ta’mirtalab. Oqibatda ularda issiqlik energiyasining 35 foizi yo‘qotilmoqda, issiqlik harorati me’yorga nisbatan 2 baravar past.
Shu bois Bo‘ston tumanida isitish tizimini xususiy sheriklik asosida yangilash va boshqarish bo‘yicha tajriba o‘tkazilgan edi. Isitish qozonlari zamonaviylariga almashtirilgan hamda tarmoqlar modernizatsiya qilinib, xususiy boshqaruvga berilgan. Natijada energiya sarfi kamayib, binolar ichidagi harorat ko‘tarilgan. Ayniqsa, o‘tgan qishdagi anomal sovuq davrida ham obyektlarda mo‘tadil harorat saqlab turilgan.
Yig‘ilishda ushbu tajribani ommalashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Unga ko‘ra, isitish tizimi tadbirkorlarga 10 yilga boshqaruvga beriladi va ularning xizmatlari davlat tomonidan sotib olinadi. Tarmoqlar modernizatsiyasi uchun zarur mablag‘ning yarmi budjetdan, yarmi xususiy sherik hisobidan ajratiladi. Isitish qozonlarini ishlab chiqarishga kerakli butlovchi qismlar ikki yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, tashkiliy va moliyaviy masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Mutasaddilarga tuman va shaharlardagi ijtimoiy obyektlarning isitish tizimlarini xatlovdan o‘tkazib, bosqichma-bosqich yangilash, ularni boshqarishga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish topshirildi. Binolarda energiya yo‘qotilishini kamaytirish, issiqlikni saqlash choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Investorlar ishtirokida energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda ko‘mir ta’minoti masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
So‘nggi yillarda yurtimizda ko‘mir qazib chiqarish 3 million tonnadan 5,4 million tonnaga oshgan. Bu yil esa salkam 6 million tonna qazib olish rejalashtirilgan. Lekin ko‘mirga talab bundan ancha ko‘p.
Prezidentimiz istiqbolli konlarni o‘zlashtirishga xususiy sektorni va yangi texnologiyalarni jalb qilish, ko‘mirning sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Oldingisi
O‘zbekiston Prezidenti BAA bilan innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiya bilan 4 aprel kuni o‘tkazilgan uchrashuvida yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari, hududlarning savdo-investitsiyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
04.04.2023Keyingisi
O‘zbekiston Prezidenti Fransiya bilan har tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni Fransiya Prezidentining maslahatchisi Izabel Dyumonni qabul qildi. Uchrashuvda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari va ikki mamlakatning har tomonlama sherikligini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
03.04.2023