Mahallabay ishlash tizimi natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-aprel kuni mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Bu vazifalar ijrosi, ko‘p jihatdan, hududlardagi  iqtisodiyotga bog‘liq. Shu bois, yaqinda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 500 million dollar va 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi. Ayni paytda tadbirkorlarni eng bezovta qilayotgan soliq ma’murchiligi, tekshiruvlar, ruxsatnomalar tartibi yengillashtirildi. 

Yig‘ilishda shu ishlarni quyi tizimda tashkil etib, mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy muammolarni hal qilish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi farmoniga muvofiq, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etilgan edi. Bu – yangi tizim. Uni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish juda muhim. 

Shu bois yig‘ilishda hokim yordamchilari faoliyatining dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, ular uch oy davomida 6 million 900 ming xonadonni xatlovdan o‘tkazib, 4 ta toifaga ajratgan. Xonadonlarning 11 foizi kam daromadli, 47 foizi qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor, 6 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj, 36 foizi o‘ziga to‘q oilalar ekani aniqlangan. Shunga qarab, mahalliy rahbarlar faoliyati manzilli tashkil etilib, minglab fuqarolarning ishga joylashishi, kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashilgan.

Shu uch oyda hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun 1 trillion 300 milliard so‘m kredit va 20 milliard so‘m subsidiya ajratilgan. Natijada joylarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirilgan.
Davlatimiz rahbari eng yaxshi natija ko‘rsatgan hokim yordamchilarini mukofotlashga ko‘rsatma berdi.

Lekin hali natija sezilmayotgan mahallalar ko‘p. Misol uchun, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shunday hududlar ko‘rsatib o‘tildi va ularning hokimlari ogohlantirildi. Bir qator shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, sektor boshliqlari vazifasidan ozod qilindi.  

– Odamlarni rozi qilmagan, inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda o‘rin yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘rganishlar davomida “qoniqarsiz” deb baholangan mahallalardagi holatni yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Buning uchun budjet xarajatlarini optimallashtirish hisobidan 800 milliard so‘m ajratiladi.

Endi har bir mahalla ixtisoslashuvi bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi. 

Misol uchun, 2 ming 500 ta mahalla chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka ixtisoslashgan. Ular qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanib, omilkor odamlarga inkubator, xonaki tovuq, asalari uyalari yetkazib berilsa, aholi daromadi yanada oshadi. 

Umuman, xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik yo‘nalishlarda 140 ming nafar aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

Hunarmandchilik, tikuvchilik, kosibchilik, qandolatchilik kabi kichik ishlab chiqarish loyihalarini mahallaning o‘zida kengaytirsa bo‘ladi. Prezidentimiz shu maqsadda bunday mahallalarda mikro sanoat markazlari tashkil etish tashabbusini ma’qulladi. 

Joriy yilda bu maqsadlarga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi, ushbu markazlar 5 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinishi belgilandi.  

Shuningdek, joylarda aniqlangan bo‘sh bino-inshootlardan samarali foydalanish, ularni sotish yoki ijaraga berishdan tushgan mablag‘larni o‘sha mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflash zarurligi qayd etildi. 

Xotin-qizlar va nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta’minlashda qulay yo‘nalish bu – kasanachilik. Shu maqsadda bugun O‘zbekiston Prezidentining kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini ta’minlashga doir qarori imzolandi.

Endi, kasanachilar bilan ishlaydigan tadbirkorlarga oilaviy tadbirkorlik dasturidan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Kreditlar bo‘yicha Tadbirkorlik jamg‘armasidan 75 foizlik kafillik beriladi hamda foiz xarajatlarining 10 foizdan yuqori qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, kasanachilarga o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar kabi, faqat ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyati yaratiladi, olis hududda ishlayotgan kasanachilarning dastlabki 1 oylik ish haqi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Viloyat hokimlariga ushbu imkoniyatlardan foydalanib, ehtiyojmand aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yurtimizda 2 mingdan ziyod mahalla xizmatlar sohasiga ixtisoslashgan. Bunday hududlarni ko‘paytirish maqsadida, aholisi 20 mingdan oshadigan mahallalarda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bu markazlar ham 5 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi. 

Videoselektor yig‘ilishida hokimlar, ularning yordamchilari mahallabay ishlash va aholi bandligini ta’minlash rejalari bo‘yicha axborot berdi.

Manba