Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z sohasining ustalari bo‘lgan insonlarga bog‘liq. Shu bois mamlakatimizda aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etilganidek, hozirgi kunda oliygohlarimizda 510 ming nafar talaba kunduzgi ta’lim shaklida o‘qimoqda (jami 820 ming nafar). Davlatimiz rahbari topshirig‘iga muvofiq, talabalar bilan suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazildi. Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji borligini bildirgan. Ayniqsa, ular orasida 7,5 ming chin yetim yoki nogironligi bo‘lgan hamda 4,5 ming nafar turli “daftarlar”ga kiritilgan talabalar bor.
– Oliygoh katta oila. Bu oilani rahbari - rektor. Ota-onalar eng katta boyligini, farzandini sizlarga topshirgan. Shuning uchun rektorlar har bir talaba bilan shaxsan uchrashishi shart. Bu borada haqiqiy holatni bilib, talabalarning oilaviy ahvoli, sharoiti, qanday o‘qiyapti, muammolari va takliflari, xullas, hammasi haqida har oyda hisobot beradi va bu masalaga shaxsan mas’ul bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, bugungi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni mavjud. Ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida – 22 mingtadan, sanoatda – 17 ming, sog‘liqni saqlashda – 9 ming, qurilish va qishloq xo‘jaligida – 6 mingtadan, moliya sohasida – 3 ming, aloqa va IT sohasida – 2,5 ming ish o‘rni bor.
– Mutasaddilar ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlashi shart, – dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, viloyat hokimlari boshchiligida hududlarda ham shunday komissiyalar tashkil etiladi.
Komissiya viloyat hokimlari va rektorlar bilan birga vakant o‘rinlarni tahlil qilib, har bir viloyat bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi kurs talabalarining kamida 30-40 foizini ishga joylash choralarini ko‘radi. Bundan tashqari, bitiruvchi kurslar talabalarining kelgusidagi ish joyini belgilab oladi va ularni haq to‘lanadigan 3-4 oylik stajirovkaga yuboradi.
Davlatimiz rahbari oliygohlardagi bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratish orqali ularda pullik kurslar, to‘garaklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarishlar tashkil etish orqali ish o‘rinlari yaratish mumkinligini ta’kidladi.
Rektorlar oliygohlarning yo‘nalishiga qarab, aholi va tadbirkorlarga pullik xizmatlar ko‘rsatib, 5 ming nafar talabaga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini yaratishi shartligi qayd etildi.
Mutasaddilarga har bir oliygohda bir oy muddatda bandlik markazlari, shuningdek, o‘n kun muddatda bu yerdagi bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratib, kamida 10 tadan pullik kurslar, maishiy va boshqa xizmatlarni tashkil etish vazifasi topshirildi. Bu orqali 5 ming nafar talaba daromad keltiradigan ish bilan band bo‘ladi.
Ushbu ishlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratib beriladi. Jumladan, oliygohlar hududida pullik o‘quv kurslari, sport to‘garaklari va boshqa xizmatlarni tashkil etgan talabalar daromad solig‘idan ozod qilinadi. Umuman, talabalarning oliygohlar hududidagi loyihalari uchun 100 milliard so‘m kredit resurslari ajratilishi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, rektorlar bir oy muddatda o‘z hududida talabalar bo‘sh vaqtida ishlab, daromad topishi uchun bittadan kovorking markazini tashkil etishni boshlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yana bir masala – oliy o‘quv yurtlaridagi boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi lavozimlari bo‘yicha mavjud vakant joylarda 3 mingdan ziyod talaba bandligini ta’minlash mumkin.
Toshkent tibbiyot akademiyasida 70 nafar talaba ish yurituvchi, kafedra laboranti, kutubxonachi, omborchi kabi lavozimlarda ishlamoqda. Lekin hozir oliygohlardagi ko‘p lavozimlarga oliy ma’lumot bo‘lishi talab etiladi. Shu bois istisno tariqasida rektorlarga o‘z tizimidagi lavozimlarga talabani bilim va salohiyatidan kelib chiqib ishga joylashtirishga ruxsat etilishi belgilandi.
Bundan tashqari, barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalar uchun ishlashga ruxsat beriladigan bo‘ldi.
Masalan, oliygohlar atrofidagi shahar maktablari va bog‘chalarida 13 ming vakant ish o‘rni mavjud. Mutasaddilarga bir oy muddatda kamida 10 ming nafar talabani ular uchun joylashuvi qulay bo‘lgan maktab va bog‘chalarga ishga joylashtirish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Markaziy bank tajribasi asosida talabalarning haq to‘lanadigan stajirovkalarini tashkil etish va ularning yakunida eng yaxshi stajerlarga ish taklif etish tizimi iqtisodiyot, moliya, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, soliq, kadastr idoralari ham joriy etilishi belgilandi.
Ushbu yangi tizim orqali, har yili 3 ming nafar talabaning bandligi ta’minlanadi.
Yig‘ilishda davlat grantlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy loyihalarga 2022 yilda kamida 3 ming nafar talabani jalb qilish lozimligi aytildi. Shu maqsadda oliygohlardagi ilmiy loyiha guruhlari tarkibining kamida 40 foizini talabalar hisobidan shakllantirish vazifasi belgilandi.
Davlatimiz rahbari viloyat va shahar hokimlari rektorlar bilan birgalikda oliygohlar va xususiy sektor o‘rtasida hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yib, 30 ming nafar talabani ish bilan band qilishi lozimligini ta’kidladi. Bunda viloyat hokimlari ish beruvchilar bilan hamkorlikda vakansiya va amaliyot yarmarkalari, talabalar uchun biznes uchrashuvlar tashkil etishi belgilandi.
Viloyat hokimlari ikki oy muddatda oliygohlar bilan yirik kompaniya, klaster va boshqa korxonalar o‘rtasida hamkorlik tizimini yaratib, yil yakuniga qadar 10 ming nafar talabaning bandligini ta’minlashi belgilandi.
Yig‘ilishda 2021-yilda talabalar yotoqxonasi bo‘yicha tizim yaratilgani ta’kidlandi. Lekin, barcha hududlarda ham ishlar bir xilda olib borilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bir oy ichida bu borada o‘zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinishi ma’lum qilindi.
Qaysi oliygoh rektori yotoqxona qurilishining 50 foizini o‘zi rahbarlik qilayotgan OTM mablag‘i hisobidan amalga oshirish tashabbusini bildirsa, qolgan 50 foizi byudjetdan qoplab berilishi belgilandi.
– Yana bir dolzarb masala. Bugungi kunda Ukraina oliygohlarida 370 dan ziyod yoshlarimiz ta’lim olmoqdalar va shundan 200 ga yaqini vatanga qaytarildi. Qolganlarini ham yaqin bir haftada qaytarish uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz, - dedi Prezidentimiz.
Tegishli komissiya tashkil etilib, bir hafta muddatda Ukrainadan qaytgan talabalarning mamlakatimiz oliygohlarida o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoit yaratib berishi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilar yig‘ilishda muhokama qilingan vazifalar ijrosi bo‘yicha qilinadigan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Oldingisi
O‘zbekiston Prezidenti Pokiston Prezidenti bilan uchrashdi
Islomobod shahrida 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
04.03.2022