Islomobod shahrida 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentlar bir-birini samimiy qutlab, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekani hamda hamkorlikni yanada kengaytirishga kuchli turtki bo‘lishi ta’kidlandi.
2022-yilda mamlakatlarimiz muhim sana – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydilar. O‘tgan vaqt mobaynida siyosiy muloqot va hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishildi. O‘zaro tovar ayirboshlashda jadal sur’at kuzatilmoqda. O‘tgan yili, pandemiyaga qaramay, uning hajmi 50 foizdan ziyodga oshdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni izchil kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari Pokistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni olqishladilar. Ayni paytda hamkorlikni, shu jumladan gumanitar sohada kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz O‘zbekiston va Pokistonning fan, ta’lim, yuqori texnologiyalar va yoshlarga doir siyosat sohalaridagi tashabbuslari mamlakatimizning Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasidagi maqsadlariga hamohang ekanligi qayd etildi.
Tomonlar sheriklikning ushbu yo‘nalishini har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. O‘zbekiston Prezidenti astronomiya, astrofizika, fizika, matematika, virusologiya va robot texnikasi bo‘yicha ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazishda Islom hamkorlik tashkilotining “KOMSTEK” Ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi imkoniyatlaridan foydalanishni taklif etdi.
Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev Orif Alviyga mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Pokiston kuni munosabati bilan samimiy tabrik va eng ezgu tilaklarini izhor etdi hamda uni o‘ziga qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Uchrashuv iliq va do‘stona muhitda o‘tdi. Tomonlar ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekanini tasdiqladilar.
Shu bilan O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi yakunlandi, Shavkat Mirziyoyev Tokshentga jo‘nab ketdi.
Oldingisi
Pokiston milliy yodgorlik majmuasiga tashrif
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Pokiston monumenti” milliy yodgorlik majmuasida bo‘ldi.
04.03.2022Keyingisi
Oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
04.03.2022