Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni Olmaliq shahriga tashrif buyurdi.
Keyingi yillarda shahar ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan rivojlanib bormoqda. Yangi korxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari ishga tushmoqda. Bu o‘zgarishlarning “drayveri” – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur kombinat hissasiga to‘g‘ri keladi. Oxirgi yillarda ilmga va texnologiyaga katta mablag‘ yo‘naltirilgani natijasida yangi konlar topilib, ishlab chiqarish hajmi oshmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq, kombinatda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish bo‘yicha 5 milliard 122 million dollarlik megaloyiha amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari Olmaliqqa tashrifi chog‘ida, avvalo, mazkur kondagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham shunga yarasha salmoqli - yiliga 65 million tonna ma’dan qazib olish quvvatiga ega. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor. Ularni qayta ishlash uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda.
Prezidentimizga shu boradagi ishlar haqida axborot berildi.
Bu yerda ish boshlangan 2017-yilda yiliga 3 million kub metr kon ishlari bajarilar edi. 415 million dollarlik 570 dan ziyod zamonaviy texnikalar olib kelingach, samaradorlik o‘n karra oshdi. Endilikda ish hajmi yiliga 40 million kub metrni tashkil etmoqda.
- Bu kon - katalizator. Uni samarali o‘zlashtirish bilan birga kichik konlar bo‘yicha ham yangi yo‘nalish qilish kerak. Bu ham qo‘shimcha ish o‘rinlari, katta eksport, degani, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Loyiha doirasida, shuningdek, ohak zavodi, 650 megavattli elektr tarmog‘i va boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etiladi. Jami 6 ming kishi ish bilan ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari ushbu kombinat, umuman, kelgusida har bir sanoat korxonasi o‘zini o‘zi muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlashi zarurligini ta’kidladi. Ilmiy tadqiqotlarni va maqsadli aspiranturani kengaytirish, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali salohiyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Oldingisi
Kadastr sohasidagi ishlar tahlil qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
22.12.2021Keyingisi
Prezident yangi fabrika qurilishini borib ko‘rdi
Davlat rahbari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
22.12.2021