25-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro ko‘rgazmasida Belarus delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenkoni qabul qildi.
2019-yil avgust oyida Belarusga qilingan oliy darajadagi tashrifda erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali hamkorligi rivojida yuqori sur’at kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jumladan, o‘zaro savdo ko‘rkatkichlari barqaror o‘sib, joriy yil boshidan buyon 57 foizga oshdi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiyasi kengayib bormoqda.
Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mutanosibligini ta’minlash, jumladan, bunga qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish, savdo uylari tarmog‘ini rivojlantirish orqali erishishga alohida e’tibor qaratildi.
Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Hududlararo hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion dasturlar va madaniy-gumanitar almashinuvni birgalikda qo‘llab-quvvatlash istiqbollari ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari tomonidan “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Oldingisi
Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronga tabrik yo‘lladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronni ushbu mamlakatda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida g‘alaba qozongani bilan tabrikladi.
25.04.2022Keyingisi
O‘zbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi
25-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun Rossiya delegatsiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturovni qabul qildi.
25.04.2022