O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni Sian shahrida “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammitida ishtirok etdi.
Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga oid hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida sammit asrlar davomida butun Yevroosiyoning sivilizatsiyasida, o‘zaro bog‘liqligi va taraqqiyotida muhim omil bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘lining boshlanish nuqtasi bo‘lib xizmat qilgan ko‘hna Sian shahrida o‘tayotgani ramziy ma’noga egaligini ta’kidladi.
Ushbu uchrashuv murakkab xalqaro vaziyat sharoitida alohida ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
- Pandemiya sinovlarini yengib o‘tgan mamlakatlarimiz global miqyosda ishonch inqirozining salbiy oqibatlariga duch keldi.
Markaziy Osiyo uchun muhim bo‘lgan odatdagi transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi uchun tahdidlar, inflyatsiya importi o‘sib borayotgani ortidan ijtimoiy keskinlik xatarlari va boshqa muammolar bizdan yanada yaqin muvofiqlashuv va amaliy hamkorlikni talab qilmoqda, - dedi davlatimiz rahbari.
Bugun Markaziy Osiyo muloqot va keng ko‘lamli hamkorlik uchun ochiq, hamjihat va kuchli mintaqa ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sa’y-harakatlarni yanada muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti savdo, investitsiya, transport va gumanitar sohalardagi mintaqaviy sheriklikni uzoq muddatli kun tartibi, istiqbolli reja va vazifalar asosida rivojlantirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va yechimlarni, mintaqaviy va global miqyosda tub o‘zgarish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqish maqsadida olti mamlakatning yetakchi “aql” markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi. Buni muhokama qilish uchun maydon sifatida kelgusi yilda Samarqandda Milliy rivojlanish strategiyalarini o‘zaro bog‘lash masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar konferensiyasini o‘tkazish taklif qilindi.
Prezidentimiz mintaqa mamlakatlarining barqaror rivoji uchun zarur sharoitlarni shakllantirish, bunda asosiy e’tiborni kambag‘allikka qarshi samarali kurashishga qaratish masalalariga alohida to‘xtaldi.
- Hududlarda, eng avvalo qishloq joylarda turmush darajasini oshirish va ularni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalardan iborat qo‘shma dasturni qabul qilsak va amalga oshirsak, bu xalqlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va 2030 yilga qadar kun tartibi maqsadlariga erishishga umumiy hissamiz bo‘lishiga ishonaman, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Davlatimiz rahbari Yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, 2030 yilga borib mintaqa mamlakatlarining Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu vazifani sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni mutanosib oshirib borish, samarali savdo-logistika infratuzilmasi va zamonaviy ulgurji-taqsimot tarmoqlari, “yashil” va ekspress yo‘laklar, elektron tijorat uchun umumiy platformalarni yo‘lga qo‘yish orqali ro‘yobga chiqarish taklif qilindi.
Qulay sharoitlar va zarur huquqiy asoslarni shakllantirish uchun O‘zaro savdoga ko‘maklashish va investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi.
Prezidentimiz ishtirokchilar e’tiborini sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, raqamli texnologiyalarni jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish masalalari Xitoy muzofotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlararo aloqalar orqali samarali hal etilishi mumkinligiga qaratdi.
Shunday amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birodarlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida joriy yilda O‘zbekistonda olti mamlakat shahar va hududlarining forumi va ko‘rgazmasini o‘tkazish taklif qilindi.
- Xitoyni mintaqamiz bilan bog‘laydigan, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikaga olib chiqadigan xavfsiz va eng qisqa transport yo‘laklarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklashda Trans-Yevroosiyo magistrali loyihasi ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib, “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” avtomobil va temir yo‘llari esa uning muhim tarkibiy qismi bo‘ladi, - dedi Prezident.
Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturlarni o‘zaro bog‘lash va shu asosda uzoq muddatli yagona strategiyani ishlab chiqish birinchi galdagi vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Iqlim kun tartibi va “yashil” energetika masalalari bo‘yicha hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
- Afsuski, Markaziy Osiyoda energetik infratuzilmaning rivojlanish sur’atlari sanoatlashuv va urbanizatsiya shiddatidan, demografik o‘sishdan ortda qolmoqda. Bugun bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror taraqqiyoti uchun juda jiddiy xavf tug‘diradi, - dedi O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev.
Xitoy quyosh, shamol va suv energetikasida texnologik jihatdan yetakchi ekanini hamda mavjud moliyaviy vositalarni hisobga olib, muqobil energetika sohasida yanada yaqin ilmiy-amaliy sheriklikni yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.
Bundan tashqari, Orolbo‘yining ekologik muammolarini hal etish, bioxilma-xillikni himoya qilish, muzliklar va tuproqni asrash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda samarali hamkorlik muhimligi aytib o‘tildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoyning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomidagi xavfsizlik bo‘linmasligi va tinch taraqqiyot prinsiplariga asoslangan global tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, barqarorlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha mintaqamizdagi muloqot darajasini yuqori baholadi.
- Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi Muloqot guruhi va Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarning muloqotidan o‘zaro kelishilgan pozitsiyani ishlab chiqish va ushbu mamlakatda gumanitar halokatga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rish uchun to‘liq foydalanish muhim, deb hisoblaymiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Gumanitar almashinuvlar, ko‘rgazmalar, konsert va ijodiy safarlar, qo‘shma sport tadbirlarini muntazam o‘tkazishni davom ettirish, ularga yoshlarni keng jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan kelgusi yilda Yosh iste’dodlar forumini birgalikda o‘tkazish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari nutqini yakunlar ekan, mamlakatlarimiz strategik sherik va ishonchli do‘stlar ekanini qayd etdi.
- Xalqaro munosabatlarda ziddiyatlar va noaniqliklar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlayapmiz va xalqlarimiz uchun farovon kelajak barpo etayapmiz, - dedi Prezident.
Shu ma’noda Xitoy tomonining Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlash uchun bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Bugungi sammitning samarali natijalari yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va har tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishiga, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz ravnaqiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbarlari “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitining Sian deklaratsiyasini imzoladilar va qo‘shma matbuot anjumanini o‘tkazdilar.
Sammit tadbirlari yakunlangach, mamlakatlarimizning do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, taraqqiyot va ravnaq sari mushtarak intilishlari ramzi sifatida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Oldingisi
«Markaziy Osiyo - Xitoy» sammiti ishtirokchilari tantanali kutib olindi
Sian shahridagi Tan sulolasi bog‘ida “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitida ishtirok etayotgan davlatlar rahbarlarini rasman kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
18.05.2023Keyingisi
O‘zbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini qayd etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifining ikkinchi kuni tadbirlari doirasida Sian shahrida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyunni qabul qildi.
19.05.2023