O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon Parlamenti raisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi raisi Sohiba Gafarovani qabul qildi.

Parlament rahbari O‘zbekiston yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda umumiy tarixiy ildizlar, yagona din, mushtarak til, madaniyat, an’ana va qadriyatlar  mamlakatlarimiz strategik sherikligining asosi bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi. Ushbu mustahkam poydevorga tayangan holda keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishildi.

Hamkorlikning barcha sohalarida – iqtisodiyot, siyosat, parlamentlararo aloqalar, madaniyat va ijtimoiy sohada muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Barcha darajalarda faol muloqotlar, rasmiy delegatsiyalar, biznes va jamoatchilik vakillarining o‘zaro tashriflari davom ettirilmoqda.

Keyingi yillarda, pandemiyaga qaramay, tovar ayirboshlash 4 karra oshdi. Joriy yil boshidan savdo 25 foizga oshdi. Ikki yuzdan ortiq qo‘shma korxona tashkil etilgan.

O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari o‘rtasida yaqin va ko‘p qirrali sheriklik yo‘lga qo‘yilgani ham ushbu ijobiy natijalarga xizmat qildi. Buni yanada rivojlantirish uchun ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarining tizimli va mustahkam aloqalarini mustahkamlash zarur.

Ayni paytda parlamentlar O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining bevosita vakillari sifatida “xalq diplomatiyasini” ilgari surish, shu jumladan hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy va gumanitar loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutishlari kerak.

Manba