Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydonlari, mingdan ortiq fitnes zallari mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” va velosiped yo‘llari tashkil etildi.
Taraqqiyot strategiyamizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini keyingi besh yilda 33 foizga yetkazish maqsadi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 fevraldagi farmon va qaroriga binoan, Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etilgan edi. Uning eng muhim vazifalaridan biri bolalar va yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirishdir.
Yig‘ilishda shu yo‘nalishdagi rejalar taqdimot qilindi.
Sportni rivojlantirish vazirligiga mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar o‘g‘il-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi. Ularni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan har bir viloyatga 100 million so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.
Mahallalarda sport infratuzilmasini yaxshilash, loyihalar qiymatini maqbullashtirib, maydonchalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ommaviy sport tadbirlarida yoshlarning ishtiroki bo‘yicha mahallalar reytingini ishlab chiqish, “qoniqarsiz” deb topilgan joylarga taniqli murabbiy va sportchilarni biriktirib, sportni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Olimpiya va paralimpiya o‘yinlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblari bilan mahalla yoshlari o‘rtasida motivatsion uchrashuvlar o‘tkazish muhimligi aytildi.
Shularni inobatga olgan holda, ommaviy sportni yanada rivojlantirish, joriy yil Xanchjouda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, sport murabbiylari tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qarorlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, shu yil 14 mart kuni boks bo‘yicha Bahodir Jalolov, gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarini tashkil etishga doir Prezident qarorlari qabul qilingan edi. Yig‘ilishda shu borada amalga oshiriladigan ishlar ham taqdimot qilindi.
Oldingisi
Tashqi iqtisodiy omillar tahlil qilinib, zarur choralar belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 31-mart kuni makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, biznesni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
31.03.2022Keyingisi
O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon Parlamenti raisini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi raisi Sohiba Gafarovani qabul qildi.
01.04.2022